O‘FA Tibbiy qo‘mitasi Superliganing 12 futbolchisi davolanishi lozimligini qayd etdi

09.03.2025PFLSuperliga

O‘FA Tibbiy qo‘mitasi Superliganing 12 futbolchisi davolanishi lozimligini qayd etdi

O‘FA Tibbiy qo‘mitasining 2024-yil 13-dekabrdagi 12-01 bayoni asosida Superliga klubi futbolchilari Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. 


Tekshiruvlardan so‘ng Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi Ligaga xat yo‘llab, Superliganing bir qator futbolchilari ko‘rikdan o‘tkazilgach, ularning salomatligi yuzasidan ayrim xavotirlar yuzaga kelganligini qayd etgan. Salomatligi xavotirga sabab bo‘layotgan futbolchilarning 3 nafari Xorazm va yana shunchasi Navbahor a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Paxtakor, Mash’al, Dinamo, Qizilqum, Nasaf va So‘g‘diyona klublarining bir nafardan futbolchisi topshirgan analiz natijalari qoniqarli chiqmagan.  


Liga tabiiyki, mazkur masalani O‘FA Tibbiy qo‘mitasiga oshirdi. Qo‘mita bu masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, quyidagicha qaror qabul qildi: 


• Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar natijasida salomatligi yuzasidan xavotirli deb topgan va Ligaga taqdim qilgan ro‘yxatdagi barcha futbolchilar aniqlangan tibbiy muammolari yuzasidan respublikamizning aynan shu sohaga ixtisoslashgan markazlarida qayta chuqur tekshiruvdan o‘tishi lozimligi inobatga olinsin;

• ro‘yxatda ismi sharifi keltirilgan futbolchilar yuzasidan mutaxassislar so‘nggi xulosani bermaguniga qadar hamda ushbu xulosa Ligaga taqdim etilmaguniga qadar, ular uchun jismoniy yuklamalar cheklanib, mashg‘ulot va o‘yinlarga ruxsat berilmasligi e’tiborga olinsin;

• qo‘shimcha tekshiruvlar qanday xulosaga olib kelishi, pirovardida klub shifokori futbolchini mashg‘ulot yoki o‘yinda qatnashishga ruxsat berish yoki bermasligi haqidagi yakuniy qarorlar borasida O‘FA Tibbiy qo‘mitasiga ma’lumot berilishi belgilab o‘tilsin. 


Liga O‘FA Tibbiy xulosasidan kelib chiqib, ro‘yxatda nomi keltirilgan futbolchilar litsenziyasini vaqtincha cheklaydi. Klublar mazkur masaladan xabardor etilgani hamda futbolchi salomatligi uchun aynan shu klub shifokori javobgar ekanligidan kelib chiqib, Liga futbolchilar shaxsiga aniqlik kiritmaydi. Umid qilamizki, klub o‘z futbolchisi salomatligiga jiddiy e’tibor qaratadi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar