Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

02.11.2025Superliga

Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

O‘zbekiston Superligasi yakuniy pallada. Noyabr oyida muxlislarni bir qator qiziqarli va hal qiluvchi o‘yinlar kutib turibdi.


Paxtakor – Bunyodkor


3-noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 27-turi doirasida muxlislar Toshkent derbisiga guvoh bo‘ladi. Shu kuni Paxtakor klubi Jar stadionida Bunyodkor bilan kuch sinashadi.


Toshkent derbisi doimo katta qiziqishlarga sabab bo‘lganini hammamizga ma'lum. Hatto, Paxtakor qatorasiga 5 marta O‘zbekiston Superligasi g‘olibi chiqqan 2019–2023 yillarda ham Bunyodkorga qarshi bahslarda jiddiy qarshilikka uchragan.


Shuningdek, ayni vaqtda har ikki jamoa Superliganing bronza medallari uchun kurashmoqda. Shunday ekan, ushbu bahs ikki tomonlama ahamiyatli.



Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Buxoro – Neftchi


7-noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida Buxoro klubi o‘z maydonida Neftchini qabul qiladi.


Neftchi klubi ayni paytda Superliga g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. So‘nggi turlarda ochko yo‘qotish jamoaga qimmatga tushishi aniq.


Buxoro jamoasi esa O‘zbekiston Kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradi. Shu sabab jamoa muxlislari oldidagi aybini o‘z maydonida peshqadamlardan birini mag‘lub etish orqali yuvishi mumkin. Shuningdek, Buxoro klubi Superliga jadvalida so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Shu bois Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq.



Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Nasaf – Mash‘al


8-noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 28-turi doirasida muxlislar Qashqadaryo derbisiga guvoh bo‘ladi. Nasaf klubi Qarshida Mash‘al bilan kuch sinashadi.


Qashqadaryo derbisi doimo vohalik futbol muxlislarining diqqat markazida bo‘lgani barchamizga ma’lum. Uning ustiga har ikki jamoaga ayni paytda g‘alaba suv va havodek zarur.


Chempionlik uchun kurashayotgan Nasaf so‘nggi turlarda faqat grand klublar bilan to‘qnash kelmoqda. Shunday sharoitda jadvalning quyi qismida borayotgan Mash‘al klubini mag‘lub etish jamoaga juda muhim 3 ochkoni keltiradi.


Mash‘al klubi esa Superligada jon saqlab qolish uchun jang qilyapti. Jamoa ligada jon saqlab qolmoqchi bo‘lsa, bundan buyog‘iga ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.



Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Paxtakor – Nasaf


20-noyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 29-turining markaziy o‘yini bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Paxtakor Jar stadionida Nasafni qabul qiladi.


Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar har doim prinsipial ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. So‘nggi 6 ta o‘yinning 4 tasi durang bilan yakunlangan. Shuningdek, bitta o‘yin Nasafning, yana bitta bahs Paxtakorning g‘alabasi bilan tugagan.


Shuningdek, ayni vaqtda Paxtakor bronza medal uchun, Nasaf esa chempionlik uchun kurashmoqda. Shunday ekan, ushbu o‘yinda qo‘lga kiritiladigan 3 ochko har ikki jamoaga suv va havodek zarur.


Noyabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Neftchi – Qizilqum


22-noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 29-turi doirasida Neftchi jamoasi o‘z maydonida Qizilqum klubini qabul qiladi.


Bu chempionlik uchun kurashayotgan Neftchi klubining 2025-yilgi mavsumda o‘z maydonida o‘tkazadigan so‘nggi o‘yini bo‘ladi.


So‘nggi turda farg‘onaliklarni ligani tark etmaslik uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan Xorazm jamoasi maydonida jiddiy o‘yin kutmoqda. Shu bois Vitaliy Levchenko shogirdlaridan Qizilqumga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba kutiladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar