Nasafning OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turdagi raqibi haqida

22.12.2025Xalqaro maydon

Nasafning OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turdagi raqibi haqida

23-dekabr kuni Nasaf klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 6-turi doirasida Saudiya Arabistonining Al Ittihod jamoasi bilan kuch sinashadi.


Keling, ushbu jamoa haqida biroz toʻxtalamiz.


Al Ittihod jamoasi 98 yillik tarixga ega. Klub 1927-yilda tashkil etilgan.


Jamoaga muxlislar tomonidan “Tigers” (Yoʻlbarslar) va “The People’s Club” (Xalq jamoasi) degan laqablar berilgan.


Al Ittihod oʻz uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh Sport Siti stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon 62 mingdan ziyod muxlisni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi.


Jamoa shu vaqtgacha 10 karra Saudiya Arabistoni Professional ligasi, 10 karra Qirol kubogi, 8 karra Valiahd shahzoda kubogi musobaqalarida chempion boʻlgan. Shuningdek, Al Ittihod 2004 va 2005-yilgi mavsumlarda Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasining bosh sovriniga ega chiqqan.


Jamoani ayni paytda 51 yoshli portugaliyalik mutaxassis Sergio Konseysau boshqarmoqda. U oʻz faoliyati davomida Braga, Nant, Portu, Milan kabi nomdor klublarda ishlagan. 2025-yil oktabr oyida ushbu jamoani qabul qilib olgan.


Konseysau murabbiy sifatida Portu klubi bilan 3 marta Portugaliya chempionatida gʻolib boʻlgan. Aynan shu yillarda ushbu murabbiy liga tomonidan “Yil murabbiyi” deb topilgan.


Hozirda Al Ittihod klubida Musa Diabi, Steven Bergveyn, Nʻgolo Kante, Fabinyo va Karim Benzema kabi jahon futboli yulduzlari faoliyat olib bormoqda.


Shuningdek, klubda ayni paytda Solih Al Shehri, Faysal Al Gʻamdi, Hassan Kadesh, Ahmad Al Gʻamdi, Saad Al-Musa kabi Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchilari toʻp surmoqda.


Eslatib oʻtamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 6-turidan oʻrin olgan Al Ittihod — Nasaf uchrashuvi 23-dekabr kuni soat 23:15 da start oladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar