Nasafning OFK Elit Chempionlar Ligasi 4-turdagi raqibi haqida
03.11.2025Xalqaro maydon

3-noyabr kuni Nasaf klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 4-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining Al Vahda jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
Al Vahda jamoasi 41 yillik tarixga ega. Klub 1984-yilda Abu Dabi SK va Al Emirates klublarining birlashuvidan tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan The Maroons (“to‘q qizillar”) degan laqab berilgan.
Al Vahda o‘z uy uchrashuvlarini Abu Dabi shahridagi Al Nahyon stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 15 mingdan ziyod muxlisni sig‘dira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 4 karra g‘olibi, 2 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi g‘olibi hisoblanadi.
Al Vahda shu vaqtgacha Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan rasmiy musobaqalarda 81 ta o‘yin o‘tkazgan. Ulardan 29 tasida g‘alaba, 25 tasida mag‘lubiyat, 27 tasida esa durang natija qayd etilgan.
Jamoani ayni paytda 60 yoshli angolalik mutaxassis Xose Morais boshqarmoqda. U o‘z faoliyati davomida Inter, Real Madrid, Chelsi kabi klublarda ishlagan.
Murabbiy Jeonbuk Motors jamoasi bilan 2 karra Janubiy Koreya chempionligini, Al Hilol bilan Saudiya Arabistoni Professional ligasi g‘olibligini, shuningdek, 2023/24-yilgi mavsumda Sepahon klubi bilan Eron Hazfi kubogini qo‘lga kiritgan.
Jamoa tarkibida ayni paytda Dushan Tadich, Darko Lazovich, Fakundo Kruspzki, Omar Harbin, Kaio Kanedo va Lukas Pimenta kabi Yevropa hamda Osiyo futbolida nom qozongan futbolchilar to‘p surmoqda.
Ushbu klub O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda Al Vahda safida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Hojimat Erkinov faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 4-turidan o‘rin olgan Nasaf – Al Vahda uchrashuvi 3-noyabr kuni soat 18:45 da start oladi.
