Nasafning OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidagi raqibi haqida
15.09.2025Xalqaro maydon

Bugun Nasaf klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasidagi yurishini boshlaydi. Qarshiliklar dastlabki turni Jidda shahrida, musobaqaning amaldagi chempioni Al Ahli klubiga qarshi o‘tkazadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
Al Ahli klubi 88 yillik tarixga ega jamoa hisoblanadi. Klub 1937-yilda tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan Al Malaki (ya’ni, qirollar) va Nadi Al Umam (ya’ni, xalq jamoasi) kabi nomlar berilgan.
Al Ahli jamoa o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 62 mingdan ziyod muxlisni sig‘dira oladi.

Jamoa Saudiya Arabistoni Professional ligasining 9 karra chempioni, 8 karra Qirol kubogi sohibi va yana 2 karra Saudiya Arabistoni Superkubogi g‘olibi hisoblanadi.
Jamoa shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda 120 ta o‘yin o‘tkazgan. 61 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 30 ta o‘yin jiddaliklarning mag‘lubiyati bilan yakunlangan. 28 ta bahsda durang natija qayd etilgan.

Al Ahli OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Jamoa o‘tgan yilgi finalda Yaponiyaning Kavasaki Frontale klubini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan holda, o‘z tarixida birinchi marotaba Osiyo chempionligiga erishdi.
Jamoani ayni paytda germaniyalik 37 yoshli mutaxassis Matias Jaissle boshqarmoqda. Avstriyaning Zalsburg klubidagi faoliyati bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan ushbu murabbiy 2023-yilning 28-iyul sanasidan beri Al-Ahli klubiga ustozlik qilmoqda.
Al-Ahli jamoasi tarkibida ayni vaqt Chelsi jamoasi sobiq posboni Eduard Mendi, Roma klubi sobiq himoyachisi Rojer Ibanez, Barselona jamoasi sobiq a’zosi Frank Kessie, Brentford klubi sobiq hujumchisi Ayvon Toni va o‘z vaqtida Angliya Premier ligasida yil futbolchisi deb topilgan Riyod Mahrez kabi futbolchilar faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan Al-Ahli - Nasaf o‘yini 15-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.