Superliga 24-turidan o‘rin olgan Nasaf — So‘g‘diyona uchrashuvi 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. O‘FA milliy terma jamoaning Qatarga safaridan kelib chiqib, 24-turning ikki uchrashuvini 9-noyabr kuni o‘tkazish taklifini ilgari surgandi. Mazkur taklifga Paxtakor rozilik bildirdi va uning Navbahor bilan o‘yini 9-noyabrda o‘tadigan bo‘ldi.
Nasaf esa Chempionlar ligasida 6-noyabr kuni o‘yini borligidan kelib chiqib, bu taklifga rozi bo‘lmagandi. Biroq qarshiliklar bir tur avval Lokomotiv ustidan zafar quchib, mamlakat chempionligini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Mazkur holat hamda Nasaf klubining Qatarga uchib ketishi kerak bo‘lgan futbolchilarining kubok topshirish marosimida bemalol ishtirok etishini inobatga olib, qarshiliklar 24-tur bellashuvini 9-noyabrda o‘tkazish taklifini kiritdi. Bu ham milliy terma jamoa uchun foydali ekanligi, ham kubok topshirish marosimida terma a’zolariga qulaylik taqdim etishidan kelib chiqib, Liga Nasaf so‘rovini qanoatlantirishga qaror qildi.
Shu tariqa Superliga 24-turidan o‘rin olgan Nasaf — So‘g‘diyona uchrashuvi 9-noyabr kuni 17:00 da start oladigan bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin mamlakatning yangi chempioniga kubok topshirish marosimi o‘tkaziladi.