Liga ro‘yxatidan o‘tadigan mehnat shartnomalarida minimal oylik-maosh belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra klub o‘z futbolchisiga O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan summada maosh belgilashi lozim.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, professional futbol klublarida oylik-maoshlarning yuqori miqdori oshishda davom etmoqda, biroq yosh iqtidorlarni rag‘batlantirish masalasida qator muammolar mavjud. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ko‘rinishida maosh olayotgan futbolchida o‘zining oylik chiqimlarini qoplash bilan bog‘liq qiyinchiliklar bor. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga mazkur masalada qo‘shma taklif kiritdi. Har uch tashkilot hamkorlikda yakdil qaror qabul qilguniga qadar, Liga mehnatga haq to‘lashning besh barobar miqdoridan kam bo‘lgan mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmaydi.
Parallel ravishda “Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida ish olib borilmoqda. Tez orada bu masalada ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ladi. Bunda professional futbolchi maqomi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mashg‘ulot kompensatsiyasi va shu bilan bog‘liq masalalar yanada aniqroq ko‘rinishda tartibga solinadi hamda kelishish uchun FIFAga taqdim etiladi. Avvalroq Liga futbolchi passportini elektronlashtirishga o‘tayotgani ma’lum qilingandi.