Mash’al va Paxtakor matbuot xizmatlarining xatti-harakatlari Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi
20.09.2025Superliga

O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasida bo‘lib o‘tgan Mash’al – Sho‘rtan hamda Paxtakor – Neftchi uchrashuvlari davomida mezbon jamoalar matbuot xizmati o‘zining “Telegram” messenjeridagi rasmiy kanali orqali uchrashuv hakamligi borasidagi oshkora e’tirozlarini bildirdi. Vaholanki, uchrashuv yakunlangach, klub rasmiylari hakamlik yuzasidan rasmiy shikoyat kiritmadi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi musobaqalarining tegishli reglamentlarida hakamlikka e’tiroz bildirish tartiboti aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Shuningdek, Liga tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun media yo‘riqnomaning 2.2 bandida “Matbuot kotibi o‘zi faoliyat olib borayotgan klubga tegishli tadbirlar va musobaqalar o‘tkazishda bevosita ishtirok etadi hamda rasmiy sahifalarda e’lon qilingan materiallar uchun javobgar hisoblanadi”, deyiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Mash’al va Paxtakor jamoalarining ishlari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi. Liga o‘z shafeligida o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etuvchi klublarni tegishli reglament va yo‘riqnomalarga qat’iy amal qilishga chaqiradi.