Maksim Shatskix va Doniyor Abdumannopov Superkubok oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi
26.05.2025O`zbekiston Superkubogi

Bugun Bunyodkor stadionida O‘zbekiston Superkubogi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning dastlabki qismida Andijon jamoasi bosh murabbiyi Maksim Shatskix hamda jamoa yetakchisi Doniyor Abdumannopov ishtirok etdi.
Barchaga xayrli kech. Ertangi final o‘yini bitta uchrashuvdan iborat bo‘lganligi uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Bahs juda qiziqarli va ajoyib atmosferada o‘tishiga ishonaman. Stadionga muxlislar ko‘p keladi, deb umid qilaman. Yana bir jihati, ayniqsa andijonlik muxlislar ko‘z o‘ngida yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Bitta o‘yinlik finalda bor kuchimizni beramiz. Unchalik ham boy bo‘lmagan Andijon klubi tarixiga yana bir bor o‘z nomimizni yozdirib qo‘yishni istaymiz. Buning uchun ertaga qo‘limizdan kelgan barcha maksimum harakatni ishga solamiz.
- Bu Superkubok siz uchun uchinchisi hisoblanadi. Avvalgi ikkitasida Paxtakor boshqaruvida ham Nasafga mag‘lub bo‘lgansiz. Ertangi raqib yana Nasaf. Shu jihat ertaga tarix yaratish uchun qo‘shimcha motivatsiya bo‘ladimi? Ikkinchi savolim, jamoaga kelganingizdan so‘ng kamchiliklar va o‘yindan to‘lmayotgan jihatlar va shu davrda qo‘l ostingizda o‘zgargan ijobiy ko‘rsatkichlar...
Birinchi savolga keladigan bo‘lsak, men uchun buning ahamiyati yo‘q. Ikkinchi, uchinchi yoki beshinchi, men bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. Paxtakor bilan ikki marta Superkubokda o‘ynadim, degan narsa xayolimga kelayotgani yo‘q. Ertaga balki futbolchilar uchun qo‘shimcha motivasiyadir, ammo men uchun qo‘shimcha motivasiya emas. Aytganimdek, ertaga ko‘zlarimiz yongan holda maydonga tushamiz. Gʻalaba qozonish uchun bor kuchimizni beramiz. Bundan oldin ikki marta Superkubokda qatnashganim ertaga motivasiya beradi, deb ayta olmayman. Ikkinchi savolga kelsak, men kelganimdan beri jamoa uzoq muddat g‘alaba qozona olmayotgandi. Men kelganimdan keyin hozircha ikkita uchrashuv o‘tkazdik. Afsuski, birinchisida safarda Sho‘rtanga imkoniyatni boy berdik. Ikkinchisida g‘alaba qozondik. Bu qora chiziqdan chiqib ketishimiz kerak edi. Bunday uchrashuv oldidan bizga mana shu g‘alaba kerak edi. O‘sha g‘alabadan so‘ng futbolchilar yaxshiroq kayfiyatda maydonga tushishadi.
- O‘tgan yilgi Superkubokda penaltilar seriyasi bajarilgandi. Bu yil ham penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rdingizmi?
- To‘g‘risi, bugungi mashg‘ulotdan keyin sinab ko‘ramiz. Ammo aytishim mumkinki, penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rishni iloji yo‘q. Lekin bugun mashg‘ulotdan so‘ng penaltilar tepib kim qanday tayyorligini bilib olarmiz.
- O‘tgan mavsum “Andijon” ayniqsa standart vaziyatlarda xavfliroq ko‘rinardi va yaxshi foydalana olardi. Bu yil ham “Andijon” standart vaziyatlar ustida ishlashda davom etmoqdami yoki jamoada qo‘shimcha epizodlar bormi?
- Biz faqat standartlarga urg‘u bermayapmiz. Avvalgi mavsumda jamoada ishlagan murabbiylar shtabi standartlarga ko‘proq urg‘u berishgandir. Biroq bizda standartlardan tashqari yana boshqa bir qator ishlanmalarimiz bor. Balki ertaga buning imkoni tug‘ilsa sinab ko‘rarmiz. Bizda standartlardan tashqari yaxshi shakllangan boshqa ishlanmalar ham bor.
Doniyor Abdumannonov:
- Jamoamizda kayfiyat a’lo darajada. Xudo xohlasa, hamma o‘yinga tayyor. Ertaga tarix yaratishga harakat qilamiz. Muxlislar qo‘llab-quvvatlashini his qilib, bor kuchimizni ishga solamiz.
Agar natijalaringizga qaraydigan bo‘lsak, siz Maksim Shatskix qo‘li ostida yaxshiroq natijalarga erishsangiz. Avvalgi mavsumlarda Paxtakorda va hozir Andijonda ham sizni ko‘rsatkichlaringizni boshqalar bilan solishtirganda ancha yaxshiroq. Andijon”a o‘z murabbiyimni topdim, deb hisoblaysizmi?
- Bundan oldingi murabbiy Aleksandr Xomyakov paytida menga kam imkoniyat berildi. Shuning uchun menimcha shunaqa bo‘ldi. Hozir yaxshi, imkoniyat ko‘proq bo‘lyapti. Oxirgi uchrashuvlarda 90 daqiqadan harakat qilyapman. O‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boryapti.

