Liga U21 chempionati uchrashuvlarining to‘liq tartibda o‘tkazilishi mas’uliyatini o‘z zimmasiga olmaydi
20.02.2025PFLU21 chempionati

“Superliga va Proliga reglamenti”ning 4.5-bandida U21 jamoasining uy uchrashuvlari uchun mo‘ljallangan stadion 15-fevral sanasiga qadar Liga ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Ishtirokchi 16 ta klub orasidan OKMK, Surxon, Sho‘rtan hamda Nasaf bu talabni bajardi. Yana 11 ta klub reglamentning mazkur bandiga o‘z vaqtida amal qilmadi. Faqatgina Qizilqum o‘zining U21 jamoasi Karmanada o‘ynashni rejalashtirayotgani yuzasidan 7-fevral kuni Ligaga rasmiy xabar yo‘llagan. Biroq bu vaqtda Liga avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida O‘zFHM va Sport TV mutaxassislari bilan hamkorlikda Superliga stadionlarining mavsumga tayyorgarligini monitoringdan o‘tkazayotgan edi. Shu bois Karmanadagi maydonni to‘liq o‘rganib chiqish 23-fevralga qadar amalga oshirilishi rejaga kiritildi.
Shundan kelib chiqib, Liga klublarga rasmiy murojaat yo‘lladi va reglamentning 5.4 hamda 5.5-bandini qayta o‘qib chiqishni tavsiya qildi. Mavjud axborotga ko‘ra, ayrim klublar maydon masalasidagi muammoni amalda hal qilishi mumkin. Ularda faoliyat olib borayotgan rahbar organ reglament bilan tanishib chiqqanligi yoki o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshayotgani masalasi Ligaga ma’lum emas.
Endilikda ularga 25-fevral sanasiga qadar so‘nggi muxlat beriladi. 26-fevral kuni esa reglamentning 5.5-bandi bo‘yicha qabul qilingan qaror rasman e’lon qilinadi. Ya’ni, uchrashuv yo raqib maydoniga ko‘chiriladi yoki mezbon jamoaga oldindan texnik mag‘lubiyat yoziladi. Berilgan muddat ichida Liga o‘zining maydonlar uchun mas’ul bo‘limi mutaxassislari barcha viloyatlarga yetib borishi masalasini o‘z zimmasiga olmaydi.
Izoh. Klublar zaxira futbolchilarining o‘yin amaliyotisiz qolib ketmasligini ta’minlash maqsadida Liga tomonidan bekor qilingan uchrashuvni ikki tomon kelishuvi asosida o‘rtoqlik o‘yini maqomida o‘tkazish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Biroq bu kabi uchrashuvga Liga o‘z rasmiylarini jalb qilmaydi.