Liga Qumqo‘rg‘on-1977 faoliyatini o‘rganish bo‘yicha prokuraturaga murojaat qildi

25.07.2024Birinchi liga

Liga Qumqo‘rg‘on-1977 faoliyatini o‘rganish bo‘yicha prokuraturaga murojaat qildi

Birinchi liga ishtirokchisi bo‘lgan Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasining uy uchrashuvlarini xavfsiz o‘tkazish masalasida muammolar mavjudligi haqida e’lon qilingandi. Mazkur ishni Liga O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirgandi. 


Kecha — 23-iyul kuni Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita qaroriga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi hamda belgilangan jarima to‘liq to‘lab berilganidan keyingina jamoa Birinchi liga uchrashuvlarida ishtirok etishiga ruxsat berilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, bu kabi holatlar qayta takrorlansa, futbol jamoasini musobaqadan chetlashtirish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritilishi qayd etildi. 


Liga Ustavining 4.10-bandiga asosan qatnashchi zimmasiga o‘z moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuritilishini ta’minlash majburiyati yuklangan. Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglamentning 12-bis modda 1-bandiga muvofiq klub mehnat shartnomalari va transfer kelishuvlarida ko‘rsatilgan shartlar asosida moliyaviy majburiyatlariga rioya qilishi lozim. Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasining futbolchilar oldidagi qarzdorligi bo‘yicha muntazam murojaatlar kelib tushishi, unga ko‘ra, jamoaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati belgilangan tartibda yuritilmasligi, aksariyat hollarda futbolchilarga beriladigan ish haqi naqd ko‘rinishda amalga oshirilishi ma’lum bo‘lmoqda. Futbolchilar bilan o‘zaro suhbat o‘tkazilganida jamoa rahbarlari mavsum avvalida ularning ishonchini su’iste’mol qilib, aldov yo‘li bilan futbolchi sifatida jamoaga jalb etishi, mavsum davomida ayrim futbolchilarning ish haqini umuman yoki qisman bermasdan yurishi, qarzdorliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.


Mazkur qarzdorliklar Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasining o‘tgan va joriy mavsumlarda davlat ishtirokidagi korxona va boshqa tadbirkorlar tomonidan futbol klubi faoliyati uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oqibatida vujudga kelgan bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Liga Qumqo‘rg‘on-1977 klubi faoliyatidagi qonun buzilish holatlariga nisbatan belgilangan tartibda Surxondaryo viloyati prokuraturasining vakolati doirasida aniqlik kiritilishi, huquqiy baho berilishi hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha viloyat prokuraturasiga murojaat kiritdi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda