Liga Navbahor klubining yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi yuzasidan o‘z xavotirini bildiradi
21.07.2025PFLSuperliga

Yozgi transfer oynasi yopilishiga 9 kun vaqt qoldi. 30-iyul sanasi tugashi bilan Liga musobaqalarida ishtirok etayotgan klublar uchun futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi yopiladi.
Ayni vaqtda barcha klublar Liga bilan o‘zaro shartnomalarni muvofiqlashtirish ustida ish olib bormoqda. Navbahor klubi esa nafaqat mazkur masala yuzasidan kechikmoqda. Balki ikki katta muammo qarshisida turibdi.
Birinchidan, Navbahor yangi futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega emas. Boisi, FIFA Giorgi Nikabadze da’vosini qanoatlantirgan bo‘lib, klub o‘z sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorligini bartaraf qilmagunga qadar, Navbahor uchun transfer taqiqini joriy qilgan.
Ikkinchidan, Navbahor shu yilgi qishki transfer oynasi davomida sobiq futbolchilari Jamshid Iskanderov, Farrux Sayfiyev, Jamshid Boltaboyev oldidagi qarzlarini to‘lab berishi lozim edi. Biroq keyinchalik O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi va da’vogar futbolchilar Navbahor bilan kelishib, qarzdorlik bosqichma-bosqich bartaraf qilinishini nazarda tutuvchi hujjatni imzoladi. O‘FUning 19-iyul kuni Liga hamda O‘FA tegishli qo‘mitasiga yozgan xatida Navbahor kelishuvlarga amal qilmagani ko‘rsatib o‘tilgan. Bu kabi holat qayta-qayta takrorlanayotganidan kelib chiqib, Uyushma endilikda faqatgina taqiq bilan cheklanib qolmay, FIFA nizomlari asosida Navbahor klubidan 6 ochko olib tashlash da’vosini ilgari surgan.
Ligaga ma’lum bo‘lishicha, Navbahor yozgi transfer oynasi davomida bir qator yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan. Biroq ularni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi hozircha ochiq turibdi. Oldindagi 9 kun davomida klub avvaliga FIFA qo‘ygan taqiqni olib tashlashi, keyinchalik O‘FU bilan kelishuv shartlarini bajarishi, shuningdek, Liga oldidagi majburiyatlariga e’tibor qaratishi lozim.
Ma’lumot uchun, 26-27-iyul sanalari ish kunlari hisoblanmaydi. Shundan kelib chiqilsa, Navbahor 7 ish kuni ichida vaziyatdan chiqib ketishi talab etiladi.
Navbahor qayd etayotgan natijalar, joriy mavsum klub namoyish etayotgan o‘yinlar va klub olib borayotgan siyosat yildan-yilga yaxshilanib borayotganligini qayd etgan holda, yuqoridagi ko‘rsatilgan masalalar bir necha kun davomida ijobiy hal etilishiga umid bildiramiz.