Liga Coca-Cola Students cup-2025 musobaqasi uchun tayyorgarlik boshladi
17.04.2025PFL

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliygohlari o‘rtasida Liga tomonidan o‘tkaziladigan mini-futbol bo‘yicha Coca-Cola Students cup-2025 musobaqasining uchinchi mavsumini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Har ikki vazirlik rahbarlari Kongratbay Avezimbetovich Sharipov hamda Aziz Anvarovich Tashpulatov Liga bilan hamkorlikda qo‘shma qarorga imzo chekishdi.
Coca-Cola Students cup musobaqasi bunga qadar ikki bor o‘tkazilgan bo‘lib, uning har birida 70 dan ziyod oliygohlar g‘oliblik uchun kurash olib borgandi. Endilikda an’anaviy tus olayotgan musobaqa bu mavsum ham may oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, unda ishtirok etish niyatida bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari joriy yilning 1-may sanasiga qadar tegishli arizani tashkiliy qo‘mitaga kiritishi lozim. Musobaqa formati jamoalar sonidan kelib chiqqan keyinroq e’lon qilinadi. O‘yinlar may oyining ikkinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi ishtirokchi jamoa mazkur havola orqali tegishli talabnomani yuklab olishi va unga har bir talabaning passport
(ID kartasi) nusxasi va my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan talabaning o‘qish joyidan ma’lumotnomasi ilova qilingan holda Tashkiliy qo‘mitaga — info@pfl.uz elektron manzili orqali taqdim etishi lozim. Qo‘shimcha savollar uchun universitet rahbariyati 94 621 21 41 raqamiga ham murojaat qilishi mumkin. Sizdan ariza topshirishda 1-may sanasidan kechikmasligingiz so‘raladi.
Ma’lumot uchun, musobaqada poytaxt — Toshkent shahri oliygohlari (Toshkent viloyati oliygohlari ham shartli ravishda) ishtirok etadi. Bunda jamoa safida ro‘yxatdan o‘tayotgan talaba faqatgina shu oliygohning kunduzgi ta’lim shaklida bakalavr bosqichida ta’lim olayotgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, mazkur talaba Liga ro‘yxatida turgan professional futbolchi bo‘lmasligi shart.
O‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarning har bir a’zosini, shuningdek, musobaqa to‘purarini maxsus sovg‘alar kutadi. Biz talabalar bilan futbol maydonida uchrashishdan xursand bo‘lamiz.