Klublar tahlilchilarini rivojlantirish uchun o‘quv-seminar tashkil etiladi
19.05.2025PFL

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5887-sonli Farmonida futbolchining jismoniy tayyorgarligini masofadan kuzatish qurilmalari va zamonaviy imitatsiya uskunalari haqida so‘z boradi. Bu “Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.18-bandida aks ettirilgan.
Superliga klubi 2021-yilgi mavsumdan buyon Liga bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan uchrashuvda futbolchining funksional holatini masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi moslamadan foydalanadi hamda bu boradagi hisobotni Assotsiatsiya uchun taqdim etadi. Endilikda Liga tomonidan mazkur hisobotlar ustida ishlovchi tahlilchilar malakasini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish masalasi ilgari surildi.

Joriy yilning 28–31 may kunlari Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida xalqaro darajadagi rossiyalik mutaxassis Shamin Aleksey Anatolyevich ishtirokida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini masofadan kuzatish qurilmalari bilan ishlovchi tahlilchilar uchun o‘quv-seminar tashkil etiladi. Unda har bir klubdan tahlilchi ishtirok etadi. Seminar 30 nafar mutaxassis uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning yakunida faol tahlilchilarga FMTM tomonidan sertifikat taqdim etiladi.

Ma’lumki, lisenziyalash talablaridan kelib chiqqan holda “Superliga va Proliga reglamenti”ning 11.9-bandida klubning Ligadan ro‘yxatdan o‘tkazishi shart bo‘lgan shtat birliklari ko‘rsatib o‘tilgan. Endilikda 2026-yilgi mavsum uchun klub tarkibida ro‘yxatdan o‘tayotgan tahlilchida yuqorida qayd etilgan sertifikat bo‘lishi talab etiladi.