
Kattaqo'rg'on futbol klubi 2026-yilgi mavsumdan e'tiboran Proligada to'p suradi.
Ikki yil avval klub hududiy Ikkinchi ligada muvaffaqiyatli ishtirok etgan bo'lsa, o'tgan mavsum Birinchi ligada yarim finaliga qadar yetib keldi. Shuningdek, musobaqa davomida o'zidan iliq taassurot qoldirdi.
Dekabr oyidan boshlab Kattaqo'rg'on Proliga bo'yicha talablarni bajarishga kirishdi. Bu yo'lda Liga tomonidan bir qator talablar belgilab berilgan bo'lib, o'tgan davr mobaynida klub ularni bosqichma-bosqich bajardi va 23-yanvar kuni hujjatlarni to'liq rasmiylashtirdi.
Kattaqo'rg'on shahridagi stadionni parvarishlash ishlari davom etayotgan bo'lib, 2026-yildan e'tiboran mazkur maydonda Kattaqo'rg'on U19 jamoasi o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadi. Payshanba shaharchasida joylashgan stadion esa Proliga uchun tayyorlanadi. Ayni kunlarda maydonni to'liq yangilash ishlari davom etmoqda. Drenaj va sug'orish tizimlarini zamonaviy holatga keltirish, shuningdek, gibrid maysa yotqizish va uni sinovdan o'tkazish may oyiga qadar davom etishi ko'zda tutilgan bo'lib, buning uchun klub ta'sischisi 4,5 milliard investisiya kiritish uchun tegishli kompaniya bilan shartnoma imzoladi.
Payshanba shaharchasida joylashgan stadion tribunasi, uning ostida joylashgan texnik hudud to'liq ta'mirga muhtoj bo'lib, Kattaqo'rg'on klubi uni talab etilgan minimal ko'rinishga keltirish uchun 5,7 milliard so'm sarflashi ko'zda tutilgan. Maysa, tribuna va texnik hudud to'liq rekonstruksiya qilinguniga qadar, klub raqiblarini Samarqand shahridagi Dinamo stadionida qabul qiladi.
Qayd etish kerak, avvalroq Kattaqo'rg'onda Assotsiatsiya qoshidagi futbol akademiyasini tashkil etish bo'yicha Prezident qarori e'lon qilingandi. Shundan kelib chiqilsa, klub asosiy va U19 jamoa, infratuzilma, bolalar futboli kabi masalalarni Liga talab qilgan ko'rinishga keltirish hamda OFK lisenziyalash talablariga bosqichma-bosqich moslashish imkoniyatiga ega.
Liga Kattaqo'rg'on futbol klubiga yorqin kelajak va muvaffaqiyatli ishtirok tilaydi.
