JLA delegatsiyasi O‘FA rahbariyati bilan uchrashdi
13.06.2025PFL

Jahon ligalari assotsiatsiyasi bosh kotibi Jerom Perlemuter, tashkilot mutaxassisi Stanislav Shtipkov, Chexiya futbol ligasi ijrochi direktori Tomas Barta hamda O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga tashkilot birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan uchrashuv uchun keldi.
O‘FA hamda O‘zPFL o‘rtasidagi aloqalar uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi. Sir emaski, Assotsiatsiya hamda Liga o‘tgan 5 yil davomida katta hajmdagi ishni bajardi va bu albatta terma jamoalar natijalarida ham aks etdi.
Sir emaski, 2020-yildan boshlab O‘zPFL U19 chempionatini yo‘lga qo‘ydi. Bugunga kelib Superliga va Proliganing barcha klublari mazkur chempionatda o‘z jamoasi bilan ishtirok etmoqda. O‘rta hisobda 800 ga yaqin 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli futbolchilarni qamrab olgan musobaqa yoshlar futbolining yangi darajaga chiqishiga zamin yaratdi. Xususan, 2018-yil O‘zbekiston U17 terma jamoasi Osiyo chempionatining saralash bosqichini muvaffaqiyatsiz yakunlagan bo‘lsa, 2023-yilda jamoamiz musobaqaning yarim finaliga qadar yetib bordi, 2025-yilda esa chempionlikni qo‘lga kiritdi.
U21 chempionatining isloh qilinishi esa O‘zbekiston U20 terma jamoasi uchun seleksiya jarayonini osonlashtirdi. 2023-yilda jamoamiz qit’a kubogining sohibiga aylandi. JLA delegatsiya bu yo‘lda bosib o‘tilgan qadamlar bilan tanishtirildi. O‘FA tomonidan tayyorgarlik bosqichida amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatildi. Sir emaski, bugunga kelib O‘zbekistonning yoshlar terma jamoalari o‘ndan ziyod xorijiy yig‘inlarda ishtirok etadi hamda UEFA, CONMEBOL kabi konfederatsiyalarning kuchli terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Shuningdek, Olimpik loyihasi, uning Proliga va Superligadagi ishtiroki, yakunda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, Superliganing so‘nggi yillarda jonlanishi, milliy terma jamoamizning Jahon chempionati yo‘llanmasiga qay tariqa ega chiqqani tushuntirib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida JLA delegatsiyasi samimiy uchrashuv uchun O‘FA rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.






