Jamshid Saidov: Oldinda yana 12 uchrashuv bor

04.08.2024Superliga

Jamshid Saidov: Oldinda yana 12 uchrashuv bor

Superliga 14-turidan o‘rin olgan Qizilqum – Bunyodkor (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Birinchi navbatda ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlaganimizdan xursandman. O‘ylashimcha, biz bugun ustunlik qildik. Ob-havoni issiq bo‘lganini o‘zim his qildim. Nam havoda o‘yin tempi tezkor bo‘lmadi. Jamoaga ko‘rsatilgan xarakter uchun tashakkur bildiraman. Bu bilan hech narsa tugamaydi. Oldimizda yana 12 bahs bor. Hammasida sifatli va chiroyli futbol ko‘rsatib muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. 

- Birinchi davradagi Bunyodkor va ikkinchi davradagisi o‘rtasida qanday farq bor?

Birinchi davrada raqib 1:3 hisobida yengilgan bo‘lsada, ikkinchi taymda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishgan edi. O‘ylashimcha, ularni yangi futbolchilariga moslashib olish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ruhan tayyor bo‘lish lozim. O‘zbekiston chempionati tezkorlik bilan o‘sib bormoqda. Yangi kelganlar uchun vaqt kerak. 

- Jamoa uy uchrashuvlarini Samarqandda o‘tkazishi haqida xabar bor edi, ammo yana Qarshiga qaytingiz?!

Afsuski, Surxon band qilgani haqida aytishdi. Bizga, Samarqand ancha qulayroq edi. 5-6 soat yo‘l yurib borish oson emas. Qarshidagi ishqibozlar o‘zimizniki bo‘lib qoldi. 

- Uchrashuv yakunidagi qaroringizni izohlang?!

So‘nggi 15 daqiqalikda biz ortga chekindik. Men, zaxiradan o‘yinga qo‘shiladiganlardan 5 yo 10 daqiqa davomida shunchaki maydonda bo‘lishni emas, yordam berishni talab qilaman. Jamoadoshlari 80 daqiqa davomida issiqda jang qilishdi va bu paytda ularga qo‘shimcha kuch kerak. Yigitlardan buni talab qilaman, ammo hech qachon shaxsiyatga o‘tmayman. Emosiya hammasi. Ular buni yaxshi tushunishadi. 

Futbolchilar issiqda 60 daqiqadan keyin charchab qolgani sezildi, ammo zahiradagilarni o‘yinga qo‘shishga shoshilmadingiz?!

- O‘yin ritmi degan narsa bor. Bunyodkorni zahiradan tushgan futbolchialari o‘yinni kuchaytirdi. Bunday issiqda uchrashuv tempiga qo‘shilib ketishi oson emas. Masalan, zaxiradan tushganlar charchab qolganini ko‘rdim. Men doim, tempdan kelib chiqib zaxiradan foydalanaman. Bugun, ular maksimal darajada harakat qilishdi, ammo kuchaytira olishmadi. Bunyodkor esa, zaxira orqali o‘yinini kuchaytirishni uddaladi. 

So‘nggi paytlarda Bunyodkor bilan bahslarda Qizilqum yaxshiroq ko‘rinmoqda?!

Takrorlayman. Bunyodkor – buyuk klub! Ularda hozir qandaydir muammolar bor. Bu jamada buyuk futbolchilar, buyuk murabbiylar ishlagan. Ajoyib akademiya va infrastruktura bor, biroq muammo ko‘zga tashlanmoqda. Bu vaqtincha deb o‘ylayman. Ular doim bizni OCHLdagi o‘yinlari bilan xursand qilgan. O‘ylashimcha, Bunyodkor hozir bo‘lishi kerak emas bo‘lgan joyda turibdi. Menimcha, ikkinchi davrada jang bo‘ladi. Turnir jadvaliga etibor bersangiz, klublar juda zich joylashgan. 

Qizilqumga yangi kelganlar haqida fikringiz qanday?!

- Ha, Baxtiyor Qosimov va Asror Gʻofurov jamoamizga kelib qo‘shildi. O‘ylashimcha, yaxshi seleksiyani amalga oshirdik. Boshqa jamoalardan farqli o‘laroq, biz atigi 2 ta futbolchi bilan shartnoma imzoladik. Jamomizda balans bor ekanligi sababli, ular qo‘shimcha kuchga aylanishadi degan umiddaman. Ikkinchi davrada ular, jamoaga kirishib ketgan xolda, bizga yordam beradi.
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar