Jamshid Saidov: Andijonda ochko olganimizdan xursandman
10.11.2024Superliga
Superligada 24-tur yakunlandi. Qizilqum jamoasi bu tur safarda Andijon bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Birinchi navbatda Andijon qanday o‘yin ko‘rsatishini bilgan holda tayyorgarlik ko‘rdik. Andijon ham biz qanday o‘yin namoyish etishimizni biladi. Biz asosan himoyaviy taktika tanladik. Andijon maydonidan bir ochko olganimizdan xursandman. Sababi, bunday muxlislik oldida o‘ziga xos bosim bo‘ladi, o‘ynash juda og‘ir. Navoiydan uzoq yo‘l bosib kelgan kam sonli bo‘lsa-da, muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. 90 daqiqa tinmay bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi va futbolchilarimga o‘z vazifasini bajarishga harakat qilishgani uchun rahmat. Andijondan muhim ochkoni oldik.
Diskvalifikatsiya sababli uchrashuvni o‘tkazib yuborgan Muhammadali Gʻiyosov va Giorgi Kuxianidzening yo‘qligi bahsga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
Ha, bugungi bellashuvda uch nafar asosiy futbolchimiz o‘ynamadi. Lobjanidze, Kuxianidze va Gʻiyosov jarohatlar hamda sariq kartochkalar to‘planib qolgani tufayli o‘tkazib yuborishdi. Ularning yo‘qligi bilindi. Shuning uchun biz asosan himoyadan, qarshi hujumda o‘ynashga qaror qildik.
Zaxiradan maydonga tushgan Bozorovni yana zaxiraga oldingiz. Bu taktik o‘zgarish bilan bog‘liqmidi yoki...
Ha, bu taktik o‘yinchi almashtirish edi.
Qizilqum bu yil Andijon bilan uch marta o‘ynadi va barchasida yuta olmadi. Bunga nima sabab?
Biz Aleksandr Xoyamkov bilan uzoq yillar birga ishlaganmiz. Mash’alda ham, Andijonda ham. Andijon men uchun begona shahar emas, yaxshi bilaman. Ha, biz Andijon bilan bu yil hisobidan Kubokni hisoblamaganda teng o‘ynadik. Birinchi davrada 3:3 o‘ynagandik. Bugun ham durang bo‘ldi. Bu tabiiy. Superligada murosasiz bahslar ko‘p bo‘lmoqda. 2-3-o‘rinlar uchun bahslar ancha shiddatli o‘tmoqda. Har bir tur syurprizlar taqdim etmoqda. 2 ta tur qoldi. Bo‘lajak bellashuvlarga ham maksimal tayyorgarlik ko‘ramiz.
Bugun jamoangiz bir ochko ishladimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi?
Bir ochko jamg‘ardik, deb o‘ylayman.