Bunyodkor stadionidagi ikki bellashuv istisno tariqasida Do‘stlik arenaga ko‘chirildi
17.08.2024Superliga
Shu yilning 5-sentyabr sanasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralashi doirasida KXDR termasini qabul qiladi. Bellashuvga Bunyodkor arenasi mezbonlik qiladi.
Xabaringiz bor, yozning chillasidan chiqish Bunyodkor uchun og‘ir kechdi. Ayni vaqtda stadion parvarishi uchun mas’ul tashkilotlar sentyabr oyiga qadar vaziyatni o‘nglash ustida ishlamoqda. Atrofi tribunalar bilan to‘liq o‘ralgan stadionlar maysasi avgust oyining so‘nggi 10 kunligiga kelibgina o‘zini tiklashni boshlaydi. Bir yil muqaddam Bobur arena foydalanishga topshirilayotgan vaqtda ham shunday muammo kuzatilgan, vaziyat sentyabrga kelib o‘nglangandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundialga yo‘llanma olishi uchun barcha ish amalga oshirib kelinmoqda. Bunda kuz oyidagi rasmiy o‘yinlar davomida stadionning holati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda Assosiatsiya, Liga va Superliga klublari o‘zaro kelishgan holda 17-turning Bunyodkor arenada o‘tishi kerak bo‘lgan ikki uchrashuvini istisno tariqasida Do‘stlik stadioniga ko‘chirishga qaror qildi. Endilikda O‘zFHM mazkur arenada VAR texnikasi ishlashi yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirishga kirishadi.
Shu tariqa Lokomotiv — Qizilqum bellashuvi 24-avgust kuni, Bunyodkor — OKMK uchrashuvi esa 27-avgust kuni Do‘stlik stadionida o‘tadigan bo‘ldi. Liga “Sport” telekanali bilan mazkur o‘zgarish yuzasidan kelishuvni amalga oshirgach, uchrashuvlar vaqti masalasida bir to‘xtamga kelinadi.