
Avvalroq Gʻazalkent Liga a’zosi bo‘lish uchun ariza topshirgan bo‘lib, klubga yangi futbolchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun MyLeague platformasidan foydalanish huquqi taqdim etilgandi.
Keyingi qadam sifatida Gʻazalkent Bo‘stonliq tumanida joylashgan futbol stadioniga investitsiya kiritish orqali, undan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida foydalanish yuzasidan ariza topshirdi. Mazkur bosqichda klub stadionni kapital ta’mirdan chiqarish bo‘yicha smeta xarajatlarini ishlab chiqib, uning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘z rejasini tasdiqlab ulgurgan. Endilikda klub Sport vazirligi bilan hamkorlikda belgilangan tartibda stadiondan foydalanish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini boshlagan. Amaldagi qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqqan holda, tegishli masalalar to‘liq hal etilsa, Gʻazalkentdagi stadionda qurilish va ta’mirlash ishlari start oladi. Klub rejasiga ko‘ra, barcha masala o‘z vaqtida ijobiy yakun topsa, yangi qiyofadagi stadion shu yilning ikkinchi yarmiga qadar tayyor bo‘ladi va Gʻazalkent shahriga katta futbol qaytadi.
Shuningdek, Assotsiatsiyaning amaliy ko‘magi bilan Gʻazalkent futbol klubi hamda Toshkent viloyati futbol maktabi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi 115-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan mazkur qadamlar sabab, endilikda Toshkent viloyatining turli hududlarida Gʻazalkent futbol klubi maktabining filliallari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. O‘z navbatida klub sakkiz yosh toifasi bo‘yicha 25 nafardan kam bo‘lmagan futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazishni boshlaydi.
Ayni vaqtda Gʻazalkent klubi Turkiyada tashkil etilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etayotgan bo‘lib, uning yillik xarajatlar smetasi Liga ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2026-yil davomida klub o‘zining stadioni, bazasi va talab darajasidagi futbol maktabi mavjud bo‘lgan loyihaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, keyingi yillarda klub OFK litsenziyalash jarayonlariga sinov tariqasida jalb etiladi.
Klub smetasi, stadionni to‘liq ta’mirlash xarajatlari xususiy investisiyalar hisobidan amalga oshirilayotgani, uning strategiyasi va bolalar futbolini yanada rivojlantirishga bo‘lgan yondoshuvidan kelib chiqib, Liga Gʻazalkent futbol klubini Proliga ishtirokchilari safiga qabul qilishni maqsadga muvofiq deb topdi.
