
Futbol katta industriya. Nafaqat uning ichida, balki atrofida ham minglab insonlar mehnat qiladi, oila tebratadi. Ammo millionlar o‘yini faqatgina pul emas, unga bo‘lgan mehr bilan ham qadrlidir.
Liga Assotsiatsiya bilan hamkorlikda o‘z umrini futbolga bahshida qilgan insonlarni keng jamoatchilikka tanishtirib boradi. Dinamo stadionini usiz tasavvur qilish mushkul bo‘lgan Sadri bobo, Qo‘qondagi stadion ovozi bo‘lgan Anvar Ohunov kabi insonlar shular jumlasidan. Yil yakunida Assotsiatsiya Fidoyilik ramzi sovrinini ular qatori yana boshqa faxriy insonlarga taqdim etishi shubhasiz.
Bugungi qahramonimiz esa yuqoridagi fidoyi kishilardan ancha yosh bo‘lishiga qaramay, futbol ichidagilarga yaxshi tanish bo‘lgan Xurshid To‘ychiboyev. U o‘zining 6 yilini ayollar futboli rivojiga ajratgan deya olamiz. O‘z vaqtida Qo‘qon-1912, Andijon, Turon kabi klublarda faoliyat olib borgan To‘ychiboyev, so‘nggi yillarda o‘zining kichik korxonasiga asos solgan. Bugunga kelib bu korxona xizmatidan Superliga va Proliganing o‘nga yaqin klubi foydalanadi. Asosiy jamoalarni hisobga olmaganda, klublar qoshidagi boshqa jamoalarning hammasida ham samolyot yoki poyezdda safar qilish imkoniyati mavjud bo‘lmaydi. Mana shunday vaqtda logistika masalasida iqtisod, komfort va albatta xavfsizlik kabi masalalarni inobatga olgan holda ishonchli hamkorlarga ehtiyoj tug‘iladi.
Xurshid To‘ychiboyev va uning do‘stlarining har biri mavsum davomida 100 000 kilometrdan ko‘proq masofani futbolchilar uchun bosib o‘tadi. Klublar tizimida faoliyat boradigan mutaxassis va futbolchilar bu qanday amalga oshishi haqida yaxshi tasavvurga ega. Shularni inobatga olib, Liga klublarga ko‘mak berib kelayotgan boshqa soha vakillarini ham eslab o‘tishni lozim topdi. Biz futbolning uzog‘ini yaqin qilayotgan futbol atrofidagi kishilar mehnatini qadrlaymiz va ularga minnatdorchilik bildiramiz.