O‘zbekiston kubogi. Yarim finalga 15-avgust kuni qur’a tashlanadi
08.08.2024O‘zbekiston kubogi
15-avgust kuni O‘zbekiston kubogining chorak finalidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuv Bunyodkor va Paxtakor klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yindan so‘ng musobaqaning yarim final bosqichi uchun qur’a tashlanadi.
Shu kuni Superliga 16-turidan o‘rin olgan ikki uchrashuv ham o‘tkaziladi. Sport-TV soat 20:15 dan boshlab Olimpik — So‘g‘diyona bellashuvini jonli efirga olib chiqadi. Aynan shu uchrashuv yakuniga yetgach, navbat kubok qur’asiga beriladi.
Ma’lumot uchun, yarim finalning ikki bellashuvi avgust oyi oxirida, aniqrog‘i, Superliga 17-turi yakuniga yetganidan so‘ng o‘tkaziladi. Ishchi reja sifatida 28-29 avgust sanalari tanlab olingan. Yarim final juftliklaridan kelib chiqib, o‘yinlar aynan qaysi sanada bo‘lib o‘tishiga oydinlik kiritiladi.
Reglamentga ko‘ra, chorak finalni safarda o‘tkazib g‘olib chiqqan jamoalarda yarim finalni o‘z maydonida qabul qilish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Hozirga kelib, Surxon klubining yarim final bosqichini safarda o‘tkazishi aniq bo‘lib ulgurgan. Agar, Bunyodkor klubi ham yarim finalga yo‘l olsa, u holda “qaldirg‘ochlar” ham final yo‘llanmasi uchun safarda kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi. O‘z-o‘zidan Navbahor va Andijon final oldidan o‘z maydonida o‘yin o‘tkazadi. Chorak finalning so‘nggi o‘yinida Paxtakor klubining qo‘li baland kelsa, u holda yarim finalni o‘z maydonida qabul qilish uchun haqli klublar soni 3 tani tashkil qiladi. Bu holatda Navbahor, Andijon va Paxtakor klublaridan qay birining yarim finalni safarda o‘tkazishi masalasiga qur’a oydinlik kiritib beradi.