Dinamo U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi

10.05.2025U21 chempionati

Dinamo U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi

Superliga 9-turi doirasida kecha Dinamo — Surxon o‘yini bo‘lib o‘tdi. Odatga ko‘ra, bugun — 10-may kuni har ikki klubning U21 jamoalari o‘zaro maydonga tushishi kerak edi. 


Dinamo klubi 6-may kuni Ligaga xat yo‘llab, uchrashuvni Jizzax shahrida o‘tkazishni so‘radi. Bu bilan klub “Superliga va Proliga reglamenti”ning 15.8-bandini buzdi. Ya’ni, uchrashuvga 4 kun vaqt qolganda reglamentda ko‘zda tutilmagan masala yuzasidan murojaat qildi. 


Dinamo klubining mazkur taklifiga garchi Surxon klubi rozilik bildirgan bo‘lsa-da, Liga reglamentning 5.5-bandidan kelib chiqib, uchrashuvni Termizda tashkil etish masalasini ilgari surdi. Biroq Surxon klubining aksar futbolchilari mashg‘ulotlarni Toshkentda olib borayotgani, Dinamo klubi mazkur masalani Surxon bilan avvaldan kelishmagani tufayli jamoaning Termizga yetib borish chiptalari xarid qilinmagani, o‘z navbatida Surxon uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq zarur masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan kelishmaganligidan kelib chiqib, termizliklar Dinamo U21 jamoasini respublikaning janubida qabul qila olmasliklarini ma’lum qilishdi. Buning oqibatida Liga Dinamo U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozdi.  


Ma’lumki, U21 jamoasi uchun maydoni qabul qilib olinmagan klub raqib maydoniga safar etishi lozim. Aynan shu talab bo‘yicha Qizilqum va Navbahor jamoalari ilk turdayoq texnik mag‘lubiyatga loyiq ko‘rilgandi. Shuningdek, maydoni talab darajasiga kelguniga qadar Neftchi, Andijon, Xorazm, Buxoro jamoalari ham raqib maydoniga borishiga to‘g‘ri keldi.


Liga reglamentda avvaldan belgilab qo‘yilgan masala yuzasidan bir necha klubga bir necha xil standart qo‘llay olmaydi. Shuningdek, klublardan o‘z hududlarida mashg‘ulot maydonlari, yoshlar jamoalari maydonlarini barpo etishni hamda bu masalani qo‘shni viloyat maydonlari orqali hal qilishga urinmaslikni so‘raydi.

Dinamo U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar