Buxoro — Xorazm o‘yini masalasidagi to‘xtalish Liga tomonidan alohida o‘rganiladi

20.08.2024Proliga

Buxoro — Xorazm o‘yini masalasidagi to‘xtalish Liga tomonidan alohida o‘rganiladi

Proliga 17-turidan olgan Buxoro — Xorazm uchrashuvi belgilangan vaqtdan 1 soat o‘tib start oldi. Mazkur qarorni Liga qabul qildi. 


Superliga va Proliga reglamentining 16.20-bandiga ko‘ra, tez tibbiy yordam mashinalari yoki xavfsizlik uchun javobgar organlarning kechikishi oqibatida uchrashuv o‘z vaqtida start olmasa, Liga komissari 30 daqiqadan keyin mezbon klubga nisbatan texnik mag‘lubiyat yozishga haqli bo‘ladi. 


Shuningdek, mazkur reglamentning 4.4-bandiga ko‘ra rasmiy uchrashuvdan bir kun avval mezbon klub Liga komissariga stadionning o‘yinga tayyorligi to‘g‘risida dalolatnoma taqdim etadi. Liga komissari mazkur dalolatnomasiz uchrashuvni o‘tkazmaslikka haqli. 


Ko‘rinib turibdiki, har qanday holatda yakuniy qaror komissar — Liga tomonidan qabul qilinadi. Xabaringiz bor, Buxoro shahridagi stadionning buzilishi oqibatida Buxoro futbol klubi o‘z uy uchrashuvlarini boshqa arenalarda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Buning uchun klub stadionlar bilan uch taraflama shartnoma tuzadi. Shartnomada esa uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq shartlar batafsil ko‘rsatilgan. 


Bugun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuv yuzasidan ayrim muammolar Buxoro futbol klubi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagani tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan. Liga mazkur holatni inobatga olib, Buxoro futbol klubiga texnik mag‘lubiyat yozmaslikka qaror qildi. Xorazm futbol klubi rahbariyati esa aksincha, uchrashuvni o‘tkazmay turib, komissardan texnik g‘alaba talab qilishda davom etgan. Vaholanki, 17:25 ga qadar xavfsizlik uchun javobgar hodimlar va tez tibbiy yordam mashinasi stadionda bo‘lgan. 


Mazkur holatlarni inobatga olib, Liga sport prinsiplarini himoya qilishni, g‘olibni o‘zaro o‘yinda aniqlashni afzal bildi. Mazkur qaror ijrosi bajarilmasa, Xorazm futbol klubiga nisbatan chora ko‘rilishi to‘g‘risida klub rahbariyati ogohlantirildi. 


Bugungi uchrashuv masalasini Liga keyinroq atroflicha o‘rganib chiqib, tegishli xulosalar chiqaradi. Sport prinsipini birinchi o‘rinda ko‘rmay, ayrim shaxslarning uchrashuv komissarining faoliyatiga aralashishga bo‘lgan urinishlari aniqlansa, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Shuningdek, uchrashuvni o‘tkazish yuzasidan mas’uliyatsizlik qilgan shaxslar masalasiga ham atroflicha e’tibor qaratiladi. Bunda komissarning uchrashuvdan keyingi rasmiy bildirgisi asos bo‘lib xizmat qiladi. 


Ma’lumot uchun, Liga komissari har qanday holatda ham uchrashuvni o‘tkazish uchun maksimal darajada harakat qilinishi belgilab qo‘yilgan. Do‘stlik stadionida projektorlar bilan bog‘liq muammo mavjud emas. Uchrashuv akti bilan bog‘liq bugungi holatda texnik mag‘lubiyat yozish Buxoro klubiga nisbatan nohaqlik bo‘lishi inobatga olinib, Liga uchrashuvni o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qildi. Reglament va komissar talabiga bo‘lgan bepisandlik masalasi esa atroflicha ko‘rib chiqiladi.

    facebooktwittertelegramoklink

    Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda