Buxoro ishtirokidagi o‘yinlar Buxoroga qaytish arafasida

13.09.2024Proliga

Buxoro ishtirokidagi o‘yinlar Buxoroga qaytish arafasida

10-sentyabr kuni Liga mutaxassislari Buxoroga tashrif buyurdi hamda Buxoro viloyati futbol akademiyasi qoshida bunyod etilgan stadionda davom etayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. 


Shu kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bevosita stadionga kelib, Liga rahbariyati bilan uchrashdi. Stadion bilan bog‘liq muammo sabab Buxoro katta futboldan chetda qolib kelayotgandi. Shundan kelib chiqib, viloyat hokimligi hamda Sport vazirligi hamkorlikda yangi stadiondagi ta’mirlash ishlariga zo‘r berdi. Yana bir necha kundan so‘ng mazkur arenada katta futbol uchrashuvini tashkil etish imkoniyati bo‘ladi. 


Liga e’tibor qaratilishi va o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z xulosasini taqdim etdi. Quruvchilar hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bir hafta ichida masala hal etilishi yuzasidan kafolat berdi. Bu esa stadionda Proliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. 


Arenani Superliga uchrashuvlariga tayyorlash uchun esa biroz vaqt kerak. Stadionlarga qo‘yilayotgan talab dekabr oyining birinchi yarmiga qadar amalga oshirilsa, Buxoro 2025-yilgi mavsumni ham mazkur arenada o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Buning uchun projektorlar o‘rnatilishi, maysa parvarishi uchun zarur texnika xarid qilinishi, stadionni yil davomida kerakli ozuqa va vitaminlar bilan ta’minlash, uning parvarishi uchun javobgar bo‘lgan personal uchun sarf-harajatlar smetasi kerakli tashkilotlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Mazkur masala yuzasidan Liga hamda viloyat hokimligi rahbariyati kelishib oldi. 


Stadion 10 ming ishqibozni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Ayni vaqtda uning texnik zonasini qurish va pardozlash ishlari davom etmoqda. Barcha masala kelishuv asosida amalga oshirilsa, bir necha oy ichida Buxoroda Superliga uchrashuvlarini qabul qila oladigan darajadagi stadion tayyor bo‘ladi. Havoning salqinlashayotgani va ayni vaqtga qadar amalga oshirilgan ishlar esa Buxoro klubiga mazkur arenada Proliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatini taqdim etadi. 


Bir necha kundan so‘ng Liga mutaxassislari Buxoroga qayta boradi va stadionning mavsumga tayyorligi masalasida qo‘shimcha axborot taqdim etadi.

Buxoro ishtirokidagi o‘yinlar Buxoroga qaytish arafasida
    facebooktwittertelegramoklink

    Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda