Bunyodkor — Nasaf uchrashuvining to‘liq teletranslyatsiyasi yozib olingan holatda efirga uzatiladi
04.10.2025Superliga

Superliga 24-turidan o‘rin olgan Bunyodkor — Nasaf uchrashuvi Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu stadionda internet bilan bog‘liq muammo sababli O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga qarashli ko‘chma televizion stansiyadan olinayotgan kadrlarni mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatishning imkoni bo‘lmayapti.
Shu sababdan, o‘yin Liganing internet translyatsiyalar uchun har bir futbol uchrashuvini tasvirga tushirishda foydalaniladigan maxsus kamerasida olingan yagona kadr yordamida efirga uzatilmoqda va bu sharoitda uchrashuvdagi e'tiborga molik vaziyatlarning takroriy lavhalarini berib borish imkoniyati mavjud emas. Biroq uchrashuv MTRK ko‘chma televizion stansiyasi yordamida tasvirga tushirilmoqda va o‘yinda VAR tizimi to‘laqonli faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchrashuvning yozib olingan formati keyinroq efirga uzatiladi.
Superliga va Proliga reglamentining 15.18-bandida Mezbon klub stadion bilan kelishgan holda rasmiy uchrashuvni teletranslyatsiya qilish hamda VAR tizimi uzilishlarsiz ishlashini ta’minlash uchun tezligi eng kamida 100 mbit/s dan bo‘lgan hamda mazkur tarmoqlardan Liga talabiga ko‘ra teletranslyatsiyalar hamda VAR texnikalaridan boshqa manbalar foydalana olmaydigan 2ta bir-biridan alohida internet tarmog‘i taqdim etishi shartligi belgilangan. Bunyodkor klubi mezbon sifatida ushbu talabni bajarish masalasiga bee'tibor munosabatda bo‘lgan. Bu masala bo‘yicha MTRK mutaxassislari uchrashuv startidan 40 daqiqa oldin Ligaga xabar bergan.