
Birinchi ligada navbatdagi mavsum ortda qoldi. Bu yil ushbu turnirda 30 ta klub g'oliblik uchun kurash olib bordi.
Ular qatorida Superliga jamoalarining Farm klublari va yurtimizning chekka tumanlarida tashkil etilgan jamoalaridan tashqari, oliy o'quv yurtlarining klublari hamda viloyat futbol akademiyalari jamoalari ham ishtirok etgani musobaqaga bo'lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Yakunda esa Toshkent shahrining Zamin klubi chempionlikni qo'lga kiritdi. Ushbu jamoa hujumchisi Abdulvohid Oxtayev 2025-yilgi mavsum O'zbekiston Birinchi ligasida 19 ta o'yinda maydonga tushdi. Ushbu bahslarda 22 ta gol kiritdi va 7 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu orqali futbolchi Birinchi liga toʻpurari boʻlish bilan bir vaqtda, gol+pas tizimi bo‘yicha ham eng yaxshi natijani qayd etdi.
Allaqachon Proliga tajribasiga ega bo'lgan Toshkent shahrining Do'stlik klubi bu yilgi Birinchi liga musobaqadasida uchinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Ushbu jamoa yarim himoyachisi Javohir Alijonov 2025-yilgi mavsum Birinchi ligasida 20 ta o'yinda maydonga tushdi. Mazkur bahslarda 10 ta gol kiritdi va 18 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu orqali futbolchi Ligada gol+pas tizimi bo‘yicha ikkinchi o'rinni egalladi.