Birinchi liga yulduzlari

12.09.2025Birinchi liga

Birinchi liga yulduzlari

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi liga musobaqasi joriy mavsumi o‘zining eng qizg‘in bosqichiga kirib bormoqda. Ushbu mavsum davomida yuqori saviyadagi o‘yini bilan ajralib turgan bir qator futbolchilarni alohida e’tirof etamiz.

Sergey Proxorov


Zamin klubi himoyachisi Sergey Proxorov o‘zining mudofaadagi ishonchli o‘yini bilan jamoasining Markaziy mintaqada yetakchi bo‘lib turishida muhim rol o‘ynamoqda. 28 yoshli tajribali futbolchi paytida Superliga klublarida ham o‘ynagani hammaga ma’lum. Uning o‘yin o‘qish qobiliyati va pozision to‘g‘ri tanlashi ko‘plab xavfli vaziyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Futbolchi bu mavsum Birinchi ligada 9 o‘yinda maydonga tushdi, bitta gol urdi va yana bitta golli uzatma amalga oshirdi. 


Saidmurod Karimov 


O‘tgan mavsum mobaynida atigi bitta gol kiritgan Do‘stlik jamoasi hujumchisi Saidmurod Karimov bu mavsum deyarli har o‘yinda gol kiritmoqda. Ayniqsa, futbolchi uchun ikkinchi davra o‘yinlari juda yaxshi o‘tmoqda. Saidmurod so‘nggi 2 ta o‘yinda het-trikka erishdi. Joriy mavsum U Birinchi ligada 12 ta o‘yinda maydonga tushdi, 13 ta gol kiritdi va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi. 


 

Birinchi liga yulduzlari

Ravshan Umarov


BuxDU klubi yarim himoyachisi Ravshan Umarov o‘zining pleymeykerlik qobiliyati bilan o‘tgan yili ham Birinchi Ligada yaxshi o‘yin ko‘rsatgan edi. Bu yil 22 yoshli ushbu futbolchining natijalari yanada yaxshilandi. O‘zining ajoyib kross uzatmalari va noodatiy qarorlar qabul qilib, hujumda kutilmagan yechimlarni topishi bilan nom qozongangan ushbu futbolchi bu yil Birinchi ligada 12 ta o‘yinda maydonga tushdi va 12 ta golli uzatma amalga oshirdi. 


Akmal Rahimov


Paytida Superliga klublarida faoliyat olib borgan darvozabon Akmal Rahimov ayni paytda Samarqandning Kattaqo‘rg‘on jamoasida to‘p tepmoqda. Ushbu jamoaning g‘arbiy mintaqada yetakchi bo‘lib turishida ham mazkur posbonning xizmatlari katta. Ayni vaqtda Kattaqo‘rg‘on klubi Birinchi ligada eng kam gol o‘tkazgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Bunda esa albatta jamoa posboni Akmal Rahimovning tezkor reaksiyasi, o‘yinni o‘qish va boshqarish qobiliyati muhim rol o‘ynamoqda. 


 Abduvohid Oxtayev


Zamin jamoasi hujumchisi Abduvohid Oxtayev o‘zining sermahsul o‘yini bilan allaqachon nomdor klublar nazariga ham tushgan bo‘lsa kerak. 22 yoshli Oxtayev joriy mavsum Zamin jamoasida eng ko‘p vaqt maydonda harakat qilgan futbolchi bo‘lib turibdi (1054 daqiqa). O‘zining kuchli va aniq zarbasi, shuningdek, hujumchilarga xos golni sezish qobiliyati orqali futbolchi jamoasining g‘alabalariga katta hissa qo‘shmoqda. Futbolchi bu mavsum Birinchi ligada 14 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Birinchi liga yulduzlari
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar