
Musobaqada ishtirok etish istagida bo‘lgan jamoalar yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 2025-yilgi mavsum Birinchi ligada 30 ta jamoa to‘p surgandi.
Liga saytiga “Birinchi liga reglamenti” loyihasi joylashtirilgan bo‘lib, uning 8.2-bandidan Birinchi ligada qatnashish istagida bo‘lgan jamoalar uchun mezonlar o‘rin olgan. Talabgor mazkur band bilan tanishib chiqishi va shu asosda Ligaga rasmiy murojaat yo‘llashi so‘raladi. O‘z navbatida, Liga murojaatlarni o‘rganib chiqqan holda, ishtirokchi jamoalarni Ustavi va reglamentlari asosida saralaydi.
Birinchi ligada ishtirok etish istagida bo‘lgan yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yoki uning alohida tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan futbol klubi quyidagi hujjatlarni info@pfl.uz elektron pochta manziliga yuborishi lozim:
• klub rahbar organi tomonidan imzolangan qatnashchilar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi rasmiy ariza;
• futbol klubining ta’sis hujjatlari va uning faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar nusxasi;
• klub rahbar organining tayinlangani yoki saylangani to‘g‘risidagi hujjat nusxasi;
• Musobaqa doirasidagi uy uchrashuvlarini o‘tkazish uchun mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalanilishi ko‘zda tutilgan stadion to‘g‘risida ma’lumot;
• klub rahbar organi va klubning kontakt ma’lumotlari: telefon, rasmiy elektron pochta manzili;
• klub qay tariqa moliyalashtirilishi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat;
• mavjud bo‘lgan taqdirda klub qoshida faoliyat yuritayotgan futbol maktabi to‘g‘risida ma’lumot.
Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar klubning rasmiy elektron pochta manzili orqali yuborilishi lozim. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar bo‘yicha ma’lumotlarda qandaydir kamchiliklar aniqlangan taqdirda yoki Ligada qo‘shimcha savollar yuzaga kelgan holatda, Liga mutaxassislari klub bilan bog‘lanadi. Klubda savollar yuzaga kelsa, uni info@pfl.uz pochta manziliga yozib yuborishi yoki 94 6212141 (Liga yuriskonsulti), 901898998 (Birinchi liga menejeri) raqamlari bilan bog‘lanishi mumkin.
Liga ishtirokchi jamoalarni saralashda reglament loyihasining 8.2-bandiga tayanadi. Talabgorning arizasi uning Birinchi liga musobaqasida ishtirok etishini bildirmaydi, shuningdek, uning qanoatlantirilishi kafolatlanmaydi. Har qanday holatda ham talabgor Liga tomonidan qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida va puxta bajarishi lozim.
Liga 31-yanvardan keyin kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqmaydi. Fevral oyining dastlabki 10 kunligida Liga kelib tushgan arizalarni o‘rganib chiqqan holda, Birinchi ligada ishtirok etish ehtimoli mavjud bo‘lgan klublarni saralab oladi. Keyingi bosqichda mazkur klublarga Liga Ustavi va hujjatlari asosida belgilangan ko‘rinishda kirish hamda qatnashchilik badalini to‘lash uchun muddat belgilanadi. Moliyaviy talabni o‘z vaqtida bajargan klub Liga a’zoligiga qabul qilinadi.