
Birinchi liganing joriy mavsumida 29 ta jamoa ishtirok etadi. Bir yil muqaddam ularning soni 30 tani tashkil etgan edi.
Shunga qaramay, Liga bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi jamoalar soni o‘tgan mavsum bilan solishtirganda 7 taga ko‘paydi. Buni Proliga qatnashchilari sonining ortishi bilan izohlash mumkin. Shuningdek, Assotsiatsiya huzurida tashkil etilgan 14 ta hududiy futbol akademiyasi hamda Respublika futbol akademiyasining farm jamoasi ilk bor to‘liq tarkibda Birinchi ligada to‘p suradi.
Birinchi liganing minimal talablarini lozim darajada bajara olmagan klublar Liga qatnashchilari safidan chiqarildi. Ma’lumki, istalgan musobaqamizda ishtirok etuvchi klub Liga bilan qatnashchilik bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Klub mazkur shartnoma shartlariga rioya qilish, shuningdek, musobaqa bilan bog‘liq reglament talablarini lozim darajada bajarishni kafolatlaydi, aks holda Liganing qatnashchilar safidan chiqarish bo‘yicha qarorini qabul qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘tgan mavsum Birinchi ligada ishtirok etgan Bog‘dodchi, Qumqo‘rg‘on, Chig‘atoy, Ishtixon, Zamin (musobaqaning amaldagi g‘olibi) kabi klublarga faoliyatini hududiy Ikkinchi liga musobaqasida davom ettirish tavsiya etildi.
Mazkur klublar orasidan Qumqo‘rg‘on O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita qarorlari va Liga talablariga bepisand munosabatda bo‘lganidan kelib chiqib, O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining qarori bilan avvalroq musobaqalardan chetlashtirilgandi. Chig‘atoy esa bir necha mavsum davomida Birinchi ligada imtiyoz asosida ishtirok etib kelgan bo‘lsa-da, Liganing joriy mavsum 31-yanvarga qadar belgilab bergan talabiga loqayd munosabatda bo‘ldi, shuningdek, futbol maktabining tom ma’noda klubga aylanish borasidagi takliflarini ortga surib keldi. Mazkur hududlarning Surxondaryo FA hamda Toshkent FA kabi jamoalari esa Assosiatsiya bilan kelishilgan holda Birinchi ligaga qo‘shildi.
Bog‘dodchi hamda Ishtixon klublarining musobaqada faoliyatini davom ettirishi bo‘yicha Liga tomonidan yo‘l xaritasi belgilab berildi. Kecha — 24-mart kuni Liga ishchi guruhi monitoringning so‘nggi bosqichi uchun Ishtixonda bo‘ldi. Ishchi guruh bayoniga ko‘ra, klub mutasaddilari o‘tgan vaqt davomida faqatgina Ligani chalg‘itishga harakat qilgan, biroq hududdagi stadionda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bungacha qanday holatda bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Shundan kelib chiqib, mazkur ikki klubga ishtirokini Ikkinchi ligada davom ettirish yuzasidan tavsiya berildi. Farg‘ona viloyatidan Havokand, Samarqandning esa bir yo‘la uch klubi — Samarqand FA, Sherdor va Azur Liga musobaqasida qatnashadi.
Namangandagi Markaziy stadionda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan, asosiy tarkibda bir qator islohotlarni amalga oshirgan Navbahor klubining farm jamoasi o‘z xohishiga ko‘ra turnirdan chiqib ketdi. Assosiatsiya tomonidan o‘tkazilgan pulka musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan viloyatning Barkamol klubi esa musobaqaga qo‘shildi.
Musobaqaga yangi qo‘shilgan klublar 2026-yilgi mavsum davomida Liga monitoringida bo‘ladi. Ular Kattaqo‘rg‘on, Lochin kabi klublar singari rivojlanishi, Do‘stlik, Lokomotiv BFK, Sementchi kabi aniq yo‘nalishga tushib olishi yoki yuqorida nomlari keltirilgan klublar kabi mavsum so‘ngida musobaqadan chetlashtirilishi mumkin. Reglament talablariga rioya qilmagan va ularga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lgan klublar Liga qatnashchilari safida bo‘lmaydi.
Birinchi liga formati va boshqa masalalar haqida tez kunlarda xabar beriladi.