
Bugun O‘zbekiston Superligasining 10-turi doirasidan o‘rin olgan bahslar davom ettiriladi. Kun doirasida Paxtakor va Nasaf klublari o‘zaro hisob-kitob qiladi.
Azaliy raqiblar mavsumni ikki xil boshlashdi. Paxtakor o‘zi o‘tkazgan 9 ta o‘yinning 8 tasida g‘alaba qozonib, turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi. Nasaf esa ayni vaqtda 12 ochko bilan turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda. Qarshiliklar dastlabki 9 ta o‘yinning 3 tasida mag‘lub bo‘lishga ulgurdi. Jamoa 4 ta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmay kelmoqda.
Jamoalarning so‘nggi 8 ta o‘yiniga e’tibor bersangiz, mutlaqo tenglikka guvoh bo‘lasiz. Ushbu bahslarning 2 tasida ajdarlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, yana 2 tasi sherlarning muvaffaqiyati bilan yakunlangan. 4 ta bahsda esa kuchlar teng kelgan.
Xo‘sh, bugun qanday natija qayd etiladi? Paxtakor muhim o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘z yetakchiligini saqlab qoladimi? Yoki Nasaf safarda g‘alaba qozonib, grandlar qatoriga qaytadimi? Bu savolga bugun soat 20:00 da start oladigan bahsni tomosha qilish orqali javob topamiz.
