
Assotsiatsiya va Liga o‘rtasidagi kelishuv asosida hududiy futbol akademiyalarining Birinchi liga musobaqasidagi ishtiroki bosqichma-bosqich kengayib bordi. 2026-yilga kelib, ularning musobaqadagi ulushi 100 foiz ko‘rsatkichga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi 355-sonli qarorida hududiy futbol akademiyalarida sport klublari tashkil etish, ularning bitiruv yoshidagi futbolchilarini sport klubi a’zosiga aylantirish va Birinchi ligada ishtirok etishini ta’minlash ko‘rsatib o‘tilgan. Shu asosda, 10 ta hududiy akademiya ketma-ket ikki mavsum davomida Birinchi ligada to‘p surdi.
Endilikda ular qatoriga Toshkent shahri, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari futbol akademiyalari ham qo‘shilmoqda. Bunga qadar Toshkent shahrida joylashgan akademiya futbolchilari xizmatidan Lokomotiv BFK, Olimpik, Mobiuz klublari foydalanib kelgan bo‘lsa, Samarqanddagi akademiya Dinamo klubi hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, qolgan ikki akademiya o‘z tuzilmasini rivojlantirish ishlari bilan band etdi.
Mamlakatimiz rahbarining 2023-yil 7-apreldagi 115-sonli qaroridan kelib chiqib, 2026-yildan e’tiboran hududiy futbol maktablarini professional futbol klublariga bosqichma-bosqich biriktirish ishlari boshlandi. Bu bilan klubni OFK litsenziyalash jarayoniga moslashtirish, hududiy futbol maktabini professional klub yordamida rivojlantirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, endilikda hududiy akademiyalar kichik klub sifatida Liga bayrog‘i ostidagi musobaqalarda mustaqil qatnashish imkoniyatiga ega.
Liga 14 ta hududiy akademiya tarbiyalanuvchilarini FIFA talabi asosida ro‘yxatdan o‘tkazish, ularning imtiyozli shartlarda o‘z musobaqalariga jalb qilish, elektron futbolchi pasportini joriy qilish orqali, kelajakda akademiyalarning futbolchini tarbiyalaganlik uchun olishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy daromadlarini kafolatlash kabi masalalarni muvofiqlashtiradi. O‘z navbatida Assotsiatsiya Prezidentning 2025-yil 21-avgustdagi “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi 262-sonli qarori asosida yuritilayotgan onlayn platforma orqali akademiyaga tarbiyalanuvchilarni saralab olish, o‘qitish, rivojlantirish, ularga mashg‘ulot o‘tayotgan murabbiylar malakasini oshirish hamda akademiya infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirib borish kabi ishlarni jadallashtiradi.
Biz hududiy akademiyalar jamoalariga 2026-yilgi mavsumda muvaffaqiyat tilaymiz.
