Assostiatsiya Liganing “toza o‘yin vaqti”ni oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi
03.12.2025PFL

Kecha, 2-dekabr sanasida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ofisida Assotsiatsiya rahbariyati va Liga mas’ullari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda 2025-yilgi professional futbol mavsumi sarhisob qilinib, yaqinlashib kelayotgan 2026-yilgi mavsum oldidan har ikki tashkilot oldida turgan eng dolzarb masalalar borasida fikr almashildi.
Yig‘ilishdagi tilga olingan bir qator masalalar ichida Liga tomonidan ilgari surilayotgan “toza o‘yin vaqti”ni oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarning Assotsiatsiya tarafidan ham qo‘llab-quvvatlangani alohida ahamiyatga molik. Assotsiatsiya rahbariyati Liganing bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti — Ravshan Irmatov ushbu o‘zgarishlarning dolzarbligini e’tirof etib, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mutaxassislariga bu borada hakamlar va klublarga tushuntirish ishlari tegishli tartibda olib borish topshirig‘ini berdi.
Endilikda Assotsiatsiya va Liga hamkorlikda Xalqaro futbol assotsiatsiyalar kengashiga ariza yo‘llab, ushbu tashabbuslarning amalda tatbiq etilishi uchun ruxsat berilishini so‘raydi.
Avvalroq, Liga kelgusi mavsumda yuqoridagi masala bo‘yicha qo‘llanilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar borasida jamoatchilikni xabardor qilgandi.



