Aleksandr Xomyakov: Finalda bor imkoniyatlarni ishga solamiz
28.10.2025O‘zbekiston kubogi

O‘zbekiston kubogi finali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning dastlabki qismida Buxoro jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov hamda jamoa yetakchisi Azizbek Amonov ishtirok etdi.

Aleksandr Xomyakov:
Biz jamoa bilan doimgidek tayyorgarlik ko‘rishda davom etyapmiz. Ertaga biz o‘zimizni yaxshi tarafdan ko‘rsatishga harakat qilamiz. Muxlislar uchun bu uchrashuv qanchalik hayajonli ekanini tushunib turibmiz va biz ertaga g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Albatta, biz favorit sifatida finalga chiqmaymiz. Lekin bu final, biz faqat g‘alaba haqida o‘ylaymiz va ushbu bellashuvda o‘zimizni maksimal tarzda ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Ligada yirik hisobda mag‘lub bo‘lganimizning sabablaridan biri, albatta, biz hujumda agressiv o‘ynashga harakat qilganimiz, biroq buni asosiy sabab deb bo‘lmaydi. Lekin bu yerda jamoalarning darajasida ham farq bor, biz imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik, ular esa bizni jazoladi. Ertaga ko‘ramiz, biz vaziyatdan kelib chiqib ish tutamiz.
Tushunarliki, biz ruhiy jihatdan bu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz muhim, biz ligada medallar uchun kurashayotgan jamoaga qarshi maydonga chiqamiz. Mental taraflama tayyorgarlik juda ham ahamiyatli, boisi, o‘tgan yili Andijon murabbiyi sifatida Navbahorga qarshi o‘ynaganimizda raqib tarkibida tajribali futbolchilar, terma jamoa a’zolari bor edi.
Bo‘lishi mumkin, lekin Paxtakorda Sergeyevdan boshqa futbolchilar bor. Biz raqibni o‘rganishda ularning kuchli taraflarini yopish masalasiga ham e’tibor qaratamiz.
Har bir murabbiy futbolda iz qoldirish uchun titullar yutishni istaydi. Kuboklarni yutish hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

Azizbek Amonov:
Ertaga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Paxtakor kuchli raqib. Juda ko‘p finallarda ishtirok etgan. Bizda birinchisi. Lekin bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Qolgani Allohdan.
Bunyodkor bilan o‘yinda nimanidir isbotlashga harakat qilmadim. Jamoa bo‘lib o‘ynadik va jamoa bo‘lib yutdik. Paxtakor bilan ham shunday o‘ynamoqchimiz.
To‘g‘ri ligada ko‘p kulgili gollar o‘tkazdik. Lekin buni ustida ishladik. Nasib qilsa, bu gal kamroq xato qilamiz.

