Al Hilol — Nasafning OFK Elit chempionlar ligasi 2-turidagi raqibi haqida
28.09.2025Klublar

29-sentabr kuni Nasaf klubi OFK Elit chempionlar ligasi 2-turi doirasida Saudiya Arabistonining Al-Hilol jamoasini qabul qiladi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.
Al-Hilol jamoasi 68 yillik tarixga ega. Klub 1957-yilning 16-oktabr sanasida tashkil etilgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan Al-Za'eem (boshliqlar), Blue Whales (ko'k kitlar) va Blue Power (ko'k qudrat) kabi nomlar berilgan. Shuningdek, Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) 2009-yil Al-Hilolni Osiyoning XX asrdagi eng kuchli klubi deya e'tirof etgan.
Al-Hilol o'z uy uchrashuvlarini Ar Riyod shahrida joylashgan Kingdom Arenada o'tkazmoqda. Ushbu maydon o'z bag'riga 26 mingdan ziyod muxlisni sig'dira oladi.
Jamoa Saudiya Arabistoni Professional ligasining 19 karra chempioni, 11 karra Qirol kubogi sohibi va yana 4 karra Osiyo chempionlar ligasi musobaqasining g‘olibi sanaladi.
Jamoa shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda 243 ta o‘yin o‘tkazgan. 137 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 49 ta o‘yin riyodliklarning mag‘lubiyati bilan yakunlangan. 57 ta bahsda durang natija qayd etilgan.
Jamoani ayni paytda 49 yoshli italiyalik mutaxassis Simone Inzagi boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis Italiyaning Latsio va Inter jamoalaridagi faoliyati bilan ko'pchilikka yaxshi tanish. Uning boshqaruvida Inter klubi Italiya A seriyasi va kubogida g'oliblikni qo'lga kiritdi. UEFA chempionlar ligasi musobaqasida 2 marta finalga qadar yetib borishni uddaladi. Inzagi 2025-yilning 4-iyun sanasidan beri Riyod shahri klubiga ustozlik qilib kelmoqda.
Al-Hilol jamoasi tarkibida ayni vaqt Sevilya klubi sobiq posboni Yassin Bunu, Chelsi klubi sobiq himoyachisi Kalidu Kulibali, Milan jamoasi sobiq a'zosi Teo Ernandes, Manchester Siti sobiq vakili Joau Kanselu va Liverpul jamoasi sobiq hujumchisi Darvin Nunyez kabi futbolchilar to'p surmoqda.
Eslatib o'tamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 2-turidan o'rin olgan Nasaf - Al-Hilol bahsi 29-sentabr kuni bilib o'tadi. O'yin 18:45 da start olishi ko'zda tutilgan.

