Akbar Ismatullayev ishi bo‘yicha Dinamo jarimaga tortildi

29.03.2024PFL

Akbar Ismatullayev ishi bo‘yicha Dinamo jarimaga tortildi

O‘tgan yilning dekabr oyida Akbar Ismatullayev bilan shartnoma imzolagan Dinamo oradan ikki oy o‘tib o‘z tanloviga zid ish tutdi va futbolchini musobaqa uchun ro‘yxatga kiritmadi. 

Mazkur holat transfer oynasi yopiladigan kunda amalga oshdi. Oqibatda futbolchi kamida yarim mavsum o‘yin amaliyotisiz qolishi mumkin edi. O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi Ismatullayevni himoya qilib, mazkur holatni tegishli qo‘mitada ko‘rib chiqish masalasida Assotsiatsiyadan yordam so‘radi. 

Mazkur hafta ish Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitada ko‘rib chiqildi. Dinamo yuristi va vakillari mazkur masalani har qancha izohlashga urinsa ham, futbolchi o‘z huquqini himoya qilgan holda yozgan arizasiga o‘z vaqtida javob qaytarilmagani masalasiga izoh topa olmadi. Bu esa tabiiyki, klub rahbariyatining aybi hisoblanadi. 

Buni his qilgan Dinamo qo‘mita yig‘ilishiga qadar Akbar Ismatullayev bilan muzokaraga kirishdi va unga yanvar, fevral va mart oylari uchun ish haqi, qo‘shimchasiga, yana ikki oylik qo‘shimcha ish haqi to‘lab berish yuzasidan kelishuvga erishdi. Mazkur holatni inobatga olgan qo‘mita Dinamo klubiga nisbatan yengillashtiruvchi jazo sifatida jarima intizom chorasini qo‘lladi. Klub kelgusida mehnat shartnomalari va reglamentlarga qat’iy rioya qilishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Dekabrda mehnat shartnomasi imzolab, uni fevral oyida bekor qilish klubda selektsiya va rejalashtirish kabi masalalarda muammolar borligini ko‘rsatdi. 

O‘z navbatida Akbar Ismatullayevni Bunyodkor klubi safida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi futbolchining xohishiga ko‘ra kun tartibidan chiqarildi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda