2025-yilgi mavsum ishchi taqvimi haqida
25.11.2024Superliga
2024-yilgi mavsum yakuniga 1 ta tur qoldi. Sir emaski, 2025-yildan boshlab Superliga ishtirokchilari soni 16 taga yetadi.
Oldinda bizni qishki transfer oynasi kutib turibdi va u kelasi yilning 25-fevral kuni yakuniga yetadi. Liga ishchi rejasi bo‘yicha mavsum 7-mart sanasidan start oladi. Bunda mart oyidagi FIFA kuniga qadar 2 ta tur bellashuvlarini o‘tkazib olish rejalashtirilgan.
Nasaf va Andijon jamoalari maydonga tushishi aniq bo‘lgan Superkubok o‘yini odatdagidek may oyida o‘tishi katta ehtimol. Bu vaqt katta futbol uchrashuvini tashkil etishda har taraflama qulayligi avvalgi mavsumlarda isbotlangan.
Taqvimdan ko‘rish mumkinki, Superliganing har bir klubi birinchi davra davomida minimum 18 tadan uchrashuvda maydonga tushadi. O‘zbekiston kubogining ¼ finaliga qadar yetib boradigan jamoalarda esa ichki o‘yinlar soni 20 tani tashkil etadi.
Ikkinchi davra davomida 3 ta FIFA kuni mavjud. Shundan kelib chiqib, jamoalar bunda asosan Superligaga o‘z diqqat e’tiborini qaratadi. Bu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston kubogining faqatgina ½ final va final o‘yinlari o‘tkaziladi.
Bu albatta ishchi reja hisoblanadi. Oldindan aniqlashning iloji bo‘lmagan ayrim holatlar unga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.