Ro‘ziqul Berdiyev: 80 daqiqa 10 kishi bo‘lib o‘ynash qiyin
22.11.2024Superliga
Superligada 25-tur o‘yinlari davom ettirildi. Nasaf jamoasi bu tur Farg‘onada Neftchi mehmoni bo‘ldi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Qizil kartochkaga qadar hammasi reja asosida ketayotgan edi, ammo keyin ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Bu maydon egalariga tashabbus o‘tib ketishini ta’minladi. Ular bundan unumli foydalandi. 80 daqiqa bir kishi kam bo‘lib harakat qilish qiyin. Vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman.
Samvel Babayan o‘z intervyusida men Navbahordan ketmaganimda, Nasafga chempionlik poygasida bu qadar erkin bo‘lishga yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edim, dedi. Bu borada fikringiz qanday?
To‘g‘risi, bu intervyuni ko‘rganim yo‘q. O‘ylashimcha, Namangan klubi hozirgi murabbiy bilan avvalgisiga qaraganda, yaxshiroq o‘yin ko‘rsatmoqda. Fikrim shu. Kubok finaliga chiqa oldi. Ichki birinchilikda ham medallar uchun kurashga qaytdi. U jamoa postidan ketgan paytda, klub ancha orqaroqda edi. Fikrim shu.
Milliy terma jamoaga murabbiy bo‘lsangiz, qanday jamoa qurgan bo‘lar edingiz?!
Men avval ham aytdim. Murabbiy yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Bu tarkib bilan jamoa bemalol Jahon chempionatiga chiqadi. Menga, klub bilan ishlash oson. Uni doim boshqarish imkoni bor. Hozir, terma jamoaga borib, qisqa vaqt ichida jamoa tuzishga qurbim yetmaydi. Terma jamoamizga ishonaman. Ularni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlaymiz. Hammasi o‘z qo‘limizda. Buni yigitlarimiz va murabbiylarimiz yecha oladi.
Nasafga kelgan legionerlar qanchalar o‘zini oqladi? Keyingi yilga Nasaf yanada “qo‘sha oladimi”?
Legionerlarni chaqirish orqali ichki raqobatni kuchaytirishni maqsad qilgan edik. Ular bir-birini o‘stiradi. Alohida, kimnidir mehnatini ta’riflamoqchi emasman. Hammasi jamoaga yordam berdi. Biz, kelasi mavsumda ham yaxshi jamoa shakllantirish uchun reja tuzganmiz. O‘zgarishlar bo‘ladi.
Bu yilgi chempionat qanday darajada o‘tdi?
Agar e’tibor qaratsangiz, yaxshi jamoalar ko‘paydi. O‘rtadagi Dinamo yoki Surxon istalgan yetakchi jamoalarga qarshilik ko‘rsatmoqda. Pastroqdagi klublar bilan ham bu mavsum ochko yo‘qotgan paytimiz bo‘ldi. Avvalari, daraja sezilib qolar edi. Menimcha, hozir 2-o‘rin uchun ham bir nechta jamoa da’vogar. Pastga tushib ketish uchun esa, 4 ta da’vogar. Bu chempionat o‘sganidan dalolat bersa kerak.