OFK Ilyos Zeytullayevga tegishli diplomni A litsenziyasi darajasida deb topdi

29.08.2024KlublarPFLSuperliga

OFK Ilyos Zeytullayevga tegishli diplomni A litsenziyasi darajasida deb topdi

Bunyodkor ustozi Ilyos Zeytullayev Italiya futbol federatsiyasi tomonidan berilgan hamda 2025-yilning 31-dekabrigacha amal qiladigan murabbiylik diplomiga ega. OFK “Litsenziyalash reglamenti” va “Murabbiylik konvensiyasi” talabiga ko‘ra, mazkur diplom konfederatsiya hududida qanday litsenziya bilan muqobil ekanligi aniqlanishi lozim.


O‘FA texnik direktori Gi Kiala tajriba va malaka mutanosibligini tan olish hamda mazkur masalaga aniq xulosa berishni so‘rab, OFK Texnik boshqarmasiga murojaat qilgandi. 28-avgust sanasida Texnik qo‘mita o‘z xulosasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Zeytullayevga tegishli bo‘lgan diplom OFKning A litsenziyasi darajasi bilan teng ekanligi qayd etildi.


Litsenziyalash talabiga ko‘ra, Superliga klubida bosh murabbiy sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun mutaxassis Pro litsenziyasiga ega bo‘lishi lozim. Shundan kelib chiqib, Bunyodkor klubida bosh murabbiy sifatida Sergey Arslonov ro‘yxatdan o‘tkazilgan, Zeytullayev de fakto jamoani boshqarayotgan bo‘lsa-da, amalda u yordamchi murabbiy sifatida Liga ro‘yxatidan o‘tgan. 


Liga Gi Kiala bilan murabbiylarni qayta o‘qitish yo‘nalishida hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Xususan, har ikki tomon yaqin istiqboldagi rejalar masalasida tez-tez fikr almashadi. Sababi Superliga va Proligani yanada rivojlantirish bevosita murabbiylar malakasi bilan chambarchas bog‘liq hisoblanadi.  


Ma’lumot uchun, OFK Pro litsenziyasiga navbatdagi o‘quv-kursi shu yilning 3-sentyabr sanasida Toshkentda start oladi. Ilyos Zeytullayev Pro litsenziyasi uchun talabgorlar ro‘yxatiga kiritilgan.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

other_news

Sayt test rejimida ishlamoqda