O‘FA qo‘mitalari Surxon, Navbahor, Neftchi bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqdi

25.07.2024PFLSuperliga

O‘FA qo‘mitalari Surxon, Navbahor, Neftchi bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqdi

Surxondaryo viloyati prokuraturasi talabi bilan Surxon klubi sobiq rahbarlari hamda viloyat hokimligi jami 43 nafar futbolchi, murabbiy va xodim bilan belgilangan tartibda aniqlangan qarzdorlikni shu yilning 16-iyul sanasiga qadar bartaraf etdi.


Shu asosda Surxon O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasiga apellyatsiya shikoyati kiritdi. 23-iyul kuni mazkur masala qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi. Unda 2023-yilning 6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Surxon futbol klubini yangi investorlarga sotish, bunda klubning shu sanaga qadar bo‘lgan qarzdorligi Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan qoplab berilishi belgilangani ma’lumot sifatida qayd etildi. O‘tgan vaqt davomida viloyat hokimligi mavjud qarzdorlikning haqiqiy miqdoriga aniqlik kiritib, keyinchalik mazkur ishni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oshirdi. Bularning barchasi ma’lum vaqt talab etdi. Shunga qaramay, Assotsiatsiya, Liga hamda Uyushma FIFA nizomlari asosida sobiq futbolchi va murabbiylar huquqini himoya qilgani holda Surxon klubiga nisbatan qator sanksiyalar qo‘llab keldi. Ya’ni, Surxondaryo viloyati prokuraturasining talabi ijrosi bajarilguniga qadar, mazkur masala o‘z aktualligini yo‘qotmadi. Natijada Surxon klubining yangi investorlari o‘ziga tegishli bo‘lmagan majburiyatlar sabab yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida qator muammolarga duch keldi. 


Yig‘ilishda ishtirok etgan Liga vakillari Surxon klubi bilan 2023-yilgi mavsumdan boshlab o‘zaro shartnomaviy majburiyatlar bo‘yicha hech qanday muammo mavjud emasligini qayd etdi. Aksincha, bugunga kelib Surxon Assotsiatsiya hamda Liga tomonidan qo‘yilgan barcha talabni o‘z vaqtida bajarib kelmoqda. Mazkur holatlarni inobatga olib, O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasi Surxon futbol klubiga nisbatan joriy yilning 2-iyul sanasida qo‘llanilgan barcha sanksiyalarni to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ya’ni, Surxon yozgi transfer oynasida belgilangan limitdan chiqmagan holda har qanday yangi futbolchini Liga ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin. Biroq Uyushma himoyasi ostida qolayotgan 6 nafar sobiq futbolchi bilan bog‘liq masala yuzasidan tegishli organlar qayta huquqiy bahosini bersa, mazkur ish qayta ochiladi va u bo‘yicha yakuniy xulosa chiqariladi. 


Shuningdek, Apellyatsiya qo‘mitasi Neftchi futbol klubining apellyatsiya shikoyatini ham ko‘rib chiqdi. Bunda Neftchi futbol klubi tomonidan O‘FA Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasining qarorlariga nisbatan bir necha bor bepisand munosabatda bo‘lingani, klub tomonidan moliyaviy majburiyatlarning takroriy buzilishi qayd etildi. Shunga qaramay, Neftchi joriy 16-iyuliga qadar sobiq futbolchilari bilan hisob-kitob qilgani ta’kidlandi. Vaholanki, klub kafolatiga ko‘ra mazkur qarzdorlik aprel oyidayoq bartaraf etilishi lozim edi.


Qo‘shimchasiga, Neftchi shu yilning 28-iyun sanasiga qadar Liga oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini to‘liq bajarib bo‘lishi belgilangan bo‘lsa-da, klub hozirga qadar mazkur majburiyatlarni mutlaqo bajarmasdan kelmoqda. Shunga qaramay, Liga Neftchi klubi ustidan O‘FA qo‘mitalariga shikoyat kiritmagani ma’lumot uchun qayd etildi. 


Barcha masala ko‘rib chiqilgach, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi hamda avvalgi qaror o‘z kuchida qoldirildi. Endilikda Neftchi yozgi transfer oynasida belgilangan limit doirasida mahalliy futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin. Xorijlik futbolchiga nisbatan taqiq esa o‘z kuchida qoladi.


Navbahor lochinlari futbol klubi O‘FA Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitaga shu yilning 2-iyul sanasidagi qarori yuzasidan qayta murajaat qildi. Qo‘mita ikki ish kuni ichida klubga rasman rad javobini taqdim etdi. Xatda Navbahor lochinlari futbol klubining qo‘mita qarorlariga nisbatan bir necha bor bepisand munosabatda bo‘lgani, ularning ijrosini belgilangan muddatda bajarmaganidan kelib chiqib, xorijiy futbolchilarni yozgi transfer oynasida ro‘yxatdan o‘tkazishga uzil-kesil taqiq qo‘yilgani tushuntirildi.

Neftchi kabi Navbahor lochinlari futbol klubi ham shu yilning 28-iyun sanasiga qadar Liga oldidagi barcha moliyaviy majburiyatlarni to‘liq bajarishi lozim edi. Biroq klub mazkur masalada ham hozirgi kunga qadar mutlaqo harakatsiz hisoblanadi. Shunga qaramay, Liga O‘FA qo‘mitalariga shikoyat arizasiga kiritmagan. 


Endilikda Navbahor lochinlari yozgi transfer oynasida belgilangan limit doirasida mahalliy futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Xorijiy futbolchi bilan shartnoma esa Liga ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

other_news

Sayt test rejimida ishlamoqda