Lokomotiv klubi matbuot xizmati sabab jarimaga tortiladi

08.11.2024Superliga

Lokomotiv klubi matbuot xizmati sabab jarimaga tortiladi

Superliga 24-turidan o‘rin olgan Dinamo 1:2 Lokomotiv uchrashuvi mehmon jamoaning messenjeri orqali matnli translyatsiya qilib borildi. 


Matnli translyatsiya davomida uchrashuv rasmiylariga nisbatan ochiqdan-ochiq nohaq fikrlar bildirildi. “Superliga va Proliga reglamenti”da hakamlikka nisbatan e’tiroz bildirish tartibi uchun alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda bu ish qanday amalga oshirilishi batafsil tushuntirilgan. Shunga qaramay, Lokomotiv klubi hakamlik yuzasidan hech qanday rasmiy shikoyat kiritmagan. Bundan ko‘rinadiki, klub matbuot xizmati hamda klub rahbariyatining o‘yin yuzasidan pozitsiyasi bir-biridan farq qiladi.  


Superliga bellashuvi jonli teletranslyatsiya qilinadi va uni takroriy lavhalar yordamida kuzatish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mazkur musobaqaning har bir uchrashuvida VAR tizimidan foydalanib kelinmoqda. Dinamo — Lokomotiv uchrashuvida VAR uzilishlarsiz faoliyat olib borgan bo‘lib, undagi barcha detallar nazorat ostida bo‘lgan. 


Liga tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun media yo‘riqnoma”ning 2.2-bandida klub matbuot kotibi rasmiy sahifalarda e’lon qilingan materiallar uchun javobgar ekanligi belgilangan. Liga Lokomotiv matbuot xizmatining xatti-harakatlari yuqorida ko‘rsatilgan har ikki reglamentga zid ekanligidan kelib chiqib, klubga nisbatan jarima intizom chorasi ko‘rilishini ma’lum qiladi. Kelgusida bu kabi holat takrorlansa, matbuot kotibiga berilgan Liga litsenziyasi qaytarib olinadi hamda jamoa uchun boshqa kotibni Liga ro‘yxatidan o‘tkazish talab etiladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

other_news

Sayt test rejimida ishlamoqda