Liga kubok finalini o‘tkazish masalasida Farg‘ona viloyati rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi
09.09.2024PFL
7-sentyabr kuni Farg‘onada bo‘lgan Liga mutaxassislari O‘zbekiston kubogining final uchrashuviga tayyorgarlik masalasida viloyat hokimi Xayrulla Bozorov qabulida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida viloyat rahbari final ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishi uchun Liga bilan barcha masalada hamkorlik qilinishini bildirdi. Istiqlol stadionini katta o‘yinga tayyorlash ishlari boshlangan bo‘lib, bunda maydon maysasidan tortib, projektorlarni sozlash, texnik zonalar kesishmalarini o‘zgartirish, OAV xodimlari va stadionga tashrif buyuruvchi qolgan mehmonlarga qulaylik yaratish kabi masalalarning har biriga alohida e’tibor qaratiladi. Navbahor va Andijon jamoalari ishtirokidagi tarixiy to‘qnashuvga har ikki viloyat rahbarlari taklif etiladi. Shu kuni stadion VVIP lojasida vodiyning uch viloyat hokimi bellashuvni bevosita kuzatib borishi ko‘zda tutilgan.
Liga, shuningdek, Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikromov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Bunda Namangan va Andijon viloyatidan tashrif buyuruvchi futbol muxlislarining xavfsizligini ta’minlash, ularning stadionda harakatlanishi, chiptalar savdosi va boshqa qator masalalarda fikr almashildi. Yana bir necha kundan so‘ng Liga aniq reja asosida Farg‘onada IIB, Milliy gvardiya va boshqa jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bilan uchrashuv o‘tkazadi. Mazkur yig‘ilish bayonlashtirilganidan keyingina final bilan bog‘liq qator masalalarga oydinlik kiritiladi.
Neftchi bosh direktori Mansur Toshmatov Istiqlol stadionida Liga mutaxassislariga hamrohlik qildi. Birinchi davra davomida klubni moliyalashtirish masalasida ayrim uzilishlar mavjud edi. Endilikda klub va homiylar o‘rtasida bu masala hal etilgan bo‘lib, ayni vaqtda muammolarni bartaraf etish ishlari boshlangan.