Liga futbolchi passportini to‘liq elektronlashtirishga erishdi

24.11.2024PFLSuperliga

Liga futbolchi passportini to‘liq elektronlashtirishga erishdi

Yosh futbolchining professional karyerasini boshlashi va uning xorij klubiga yo‘l olishida futbolchi passporti muhim o‘rin tutadi. Ammo yillar davomida futbolchi pasportini soxtalashtirish, undagi ma’lumotlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kabi holatlar kuzatilgan.


Buning oqibatida yosh futbolchini tarbiyalaganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mashg‘ulot kompensatsiyasi, birdamlik mexanizmi orqali klublar hisob-raqamiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘lar masalasida tartib o‘rnatish qiyin edi. Ayrim holatlarda murabbiy yoki biror rasmiy vakil klubga kelishi lozim bo‘lgan mablag‘ni o‘zlashtirishi kuzatilgan. Tabiiyki, futbolchini tarbiyalashda ishtirok etgan mutaxassislar shu tariqa tushumdan o‘z ulushini ololmagan. 


MyLeague platformasi yordamida Liga futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini bosqichma-bosqich rivojlantirib keldi. 2024-yilga kelib nafaqat professional futbolchilar, balki Liga musobaqalarida ishtirok etayotgan futbol klublarining tarbiyalanuvchilari ham MyLeague platformasi orqali ro‘yxatdan o‘ta boshladi. Bu bilan birinchi navbatda FIFA talabi bajarildi hamda har bir futbolchi uchun FIFA tomonidan beriladigan maxsus ID aks eta boshladi. Shuningdek, FIFA Clearing House tizimi talablariga moslashish osonlashdi. 


Buning davomi sifatida endilikda Liga ro‘yxatidan o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik futbolchining elektron pasportini yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Uning yo‘nalishlari va shartlari tez orada yangilanadigan “Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament” orqali tartibga solinadi. 


Futbolchi passporti to‘liq elektron tarzda to‘lib boradi. Yosh futbolchi futbol mavsumlarini qaysi maktabda o‘tagani va bu mavsumlar davomida unga kim ustozlik qilgani rasmiy tarzda aks etadi. Mazkur ma’lumotlarni soxtalashtirishga bo‘lgan har qanday urinish yo‘qqa chiqishi uchun kurashiladi. Keyinchalik futbolchi ilk professional shartnomasini imzolayotganda mashg‘ulot kompensatsiyasi aynan elektron pasportda aks etgan ma’lumotlar asosida hisoblab chiqiladi. Ya’ni, bu kabi ishdan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish kabi holatlar minimallashtiriladi.


Passport uchun MyLeague platformasi orqali Liga ro‘yxatidan o‘tgan futbolchining shaxsiy identifikatsiya raqami ko‘rsatilishi lozim. Bunda futbolchi ID-kartaga ega bo‘lsa, unda qayd etilgan shaxsiy identifikatsiyalovchi raqam platformaga kiritiladi. Agar futbolchi Liga ro‘yxatidan o‘tguniga qadar ID-karta olmagan bo‘lsa, uning shaxsiy identifikatsiyalovchi raqami FHDY organi tomonidan beriladigan ma’lumotnomaga asosan qayd etiladi.


Izoh. Quyidagi suratda elektron passport shabloni aks etgan. Undagi ayrim ma’lumotlar haqiqiysidan farq qilishi mumkin, ammo u tasavvurga ega bo‘lish uchun yordam bera oladi. Futbolchi ro‘yxatdan o‘tgan klub rasmiysi shu futbolchiga tegishli ma’lumotlarni Liga reglamentlari asosida platformaga kiritib borishi evaziga barcha detallar aniq ko‘rsatilishiga erishadi.

Liga futbolchi passportini to‘liq elektronlashtirishga erishdi
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

other_news

Sayt test rejimida ishlamoqda