Aleksandr Xomyakov: Bu gʻalabani butun Andijon xalqiga bagʻishlayman
07.10.2024Uzbekistan Cup
Oʻzbekiston Kubogi finalidan soʻng gʻolib boʻlgan Andijon jamoasi ustozi Aleksandr Xomyakov hamda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi boʻlgan Levan Arveladze matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Aleksandr Xomyakov: Baxtliman, gʻalabadan boshim osmonga yetdi. Birinchi navbatda biz bilan hamisha birga boʻlgan muxlislarimizga katta rahmat. Bizni boshidan oxirigacha tinmay qoʻllab-quvvatlagan ishqibozlardan cheksiz minnatdorman. Ularni ajoyib olqishlashi natijasida gʻalabaga erishdik. Shu bilan birga barcha Andijon xalqini tabriklayman. Ushbu gʻalabani uzoq kutgandik va birga nishonlayotganimizdan xursandman.
Levan Arveladze: Xissiyotlarga boy oʻyin boʻldi. Juda xursandman. Shu bilan birga ogʻir uchrashuvni oʻtkazdik. Gol urganimizdan keyin oʻyinimiz yanada ochilib ketdi. Ikkala jamoa ham maydonda jonini berib oʻynadi. Butun Andijon xalqini unutilmas gʻalaba bilan tabriklayman. Bu tarixiy gʻalaba va biz tarixga kirdik.
Jamoa hisobni tenglashtirib olguncha aytarli xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira olmadi. Goldan keyin esa oʻyin ijobiy tomonga oʻzgardi. Qaysi vaziyat jamoangiz oʻyinini oʻzgartirib yubordi?
Aleksandr Xomyakov: Kecha matbuot anjumanida aytib oʻtganimdek, Navbahor ham, Andijon ham bir-birini yaxshi oʻrganib chiqqan. Oʻtkazib yuborgan dastlabki golimiz rejalarimizga taʼsirini oʻtkazdi. Bu golni oʻtkazib yubormasligimiz kerak edi. Asosiy rejamiz 70-daqiqadan keyin boshlanishi kerak edi. Imkon qadar hisobni tenglashtirib olgach, masalani penaltilar seriyasigacha olib borishni xohlamadik va oʻyin yakunigacha yaxshi harakat qilib, gʻalabani qoʻlga kiritishni xohladik. 3 ta standart vaziyatni yaratdik. Odatda, gʻoliblar muhokama qilinmaydi. Hujumkor futbol hammaga yoqadi. Lekin baʼzida shunday boʻladiki, natija keltiradigan oʻyin muhimroq. Biz natija uchun harakat qildik.
Bu gʻalabaga koʻproq ishtiyoq sabab boʻldimi? Taktik oʻzgarishlar ham gʻalabaga zamin yaratdimi?
Aleksandr Xomyakov: Futbolchilardagi oʻz ishiga boʻlgan ishonch va ishtiyoq koʻproq gʻalabaga zamin yaratdi.
Andijon gʻalaba qozonsa, futbolchilarga avtomobil vaʼda qilingan ekan. Shu rostmi?
Aleksandr Xomyakov: Yoʻq, men bu xabarni eshitmadim. Hammasi gap-soʻzlar. Ha, biz gonorarlarga ega chiqdik.
Bu tarixiy gʻalaba. Viloyat hokimidan mukofot tariqasida nima kutyapsiz?
Aleksandr Xomyakov: Mukofotlar, sovgʻalar berishsa kerak. Ammo oladigan gonorarimizni bilaman.
Ushbu tarixiy gʻalabani kimga bagʻishlaysiz?
Aleksandr Xomyakov: 15 yildan beri Oʻzbekistonda ishlab kelyapman. Bu gʻalabani butun Andijon xalqiga bagʻishlayman. Shuningdek, viloyat hokimiga va homiyimiz Uzavtosanoatga ham bagʻishlayman.
Navbahorga qarshi Andijondagi oʻyindagi gʻalabadan soʻng futbol Xudosi biz bilan boʻldi, degandingiz. Bu safar ham yana shunday deya olasizmi?
Aleksandr Xomyakov: Shunday desa ham boʻladi.
Andijon ushbu mavsumdagi eng qiyin oʻyinini oʻtkazdi. Jamoani kelajagi haqida fikringiz qanday? Superligadagi oldinda turgan bahslar borasida nima deya olasiz? Yaxshi natijalar boʻladimi?
Aleksandr Xomyakov: Bugungi gʻalaba hammasini oʻzgartirib yuboradi va yaxshi natijalarimiz boʻladi. Superligadagi natijalarimiz hozircha yaxshi emas. Gʻalabani nishonlashga bir kun vaqtimiz bor. Ikki kundan soʻng Toshkentda yigʻilamiz va Surxonga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazib, tayyorgarlik koʻramiz. Shundan soʻng ozgina dam olamiz va keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlikni davom ettramiz.
Bu faoliyatingizdagi eng muhim oʻyinmidi?
Aleksandr Xomyakov: Haqiqatdan hayotimdagi muhim gʻalaba boʻldi. Faxrlansam arziydi. 15 yil davomida Oʻzbekistonda bejizga ishlamayotganimni isbotladim. Kubokni yutdim, juda ham xursandman.
Bu oʻyin Andijonning mavsumdagi eng yaxshisimi?
Aleksandr Xomyakov: Yoʻq. Birinchi davrada ancha sifatli va yaxshiroq oʻyinlarimiz boʻlgandi. Hammasi yaxshi boʻlishini, natija amalga oshishini inson qalban sezadi. Oʻyinchi almashtirishimiz ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Murabbiy sifatida men doimo yaxshi boʻlishini xohlayman. Masʼuliyatni chuqur his qilgan holda gʻalaba qozondik.