17 nafar mahalliy mutaxassis Pro litsenziyasi uchun o‘qishni boshladi
09.09.2024PFL
O‘FA texnik direktori Gi Kiala boshchiligida Pro litsenziyasi uchun o‘quv kurslari sentyabr oyida start oldi. Unda jami 21 nafar mutaxassis tahsil olayotgan bo‘lib, shularning to‘rt nafari xorijlik hisoblanadi: Mirko Yelichich (Avstraliya), Boyan Miladinovich (Serbiya), Jasvinder Sinkh (Singapur), Mehdiy Mahdavikiya (Eron).
O‘quv kursi umumiy 8 ta moduldan iborat bo‘lib, u 2025-yilning dekabr oyida yakuniga yetadi. Belgiyalik Gi Kiala Pro litsenziyasi uchun o‘qish niyatida bo‘lgan talabgorlarni saralab olish tizimini yangiladi. Shuningdek, Liga bilan kelishuv asosida yakuniy bitiruv imtihoni hamda umumiy baholash tizimini qat’iylashtirdi. Endilikda Pro litsenziyasi uchun tahsil olayotgan mutaxassislardan barcha modullar hamda imtihonlarga jiddiy yondoshuv talab etiladi. Xorijlik mutaxassis nazorati ostida tashkil etilayotgan kursni yakunlash va tegishli diplomga ega chiqish oson bo‘lmaydi. Mazkur talab avvalroq O‘FA prezidenti tomonidan texnik direktor oldiga vazifa sifatida belgilab berilgandi.
Shuningdek, 21 nafar mutaxassisning Yevropada tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratiladi. Xususan, modullar orasidan Belgiya safari ham o‘rin olgan bo‘lib, uning davomida 21 nafar mutaxassis Belgiya futboli tizimi, murabbiylik malakasini o‘rganish hamda boshqa zaruriy axborot almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Liga Pro litsenziyasiga ega mutaxassislar ro‘yxatini taqdim etgandi. 14 oydan so‘ng ular safiga bugungi ro‘yxatdan qaysi mutaxassislar qo‘shilishi ma’lum bo‘ladi.