“Sho‘rtan” 2022-yilgi sarf-harajatlari smetasi yuzasidan hisob berdi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-apreldagi “Futbol klublari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-sonli qaroridan kelib chiqib, Musobaqalar reglamentiga Superliga va Pro liga klublari yillik xarajatlari smetasini FIFA hamda OFK talablarini inobatga olgan holda O‘FA bilan kelishishi masalasi kiritilgandi.  

Futbol klublariga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini monitoring qilish muhim ahamiyat kasb etadi. 2022-yilgi mavsum oldidan klublar ilk bor o‘z smetasini kelishish uchun O‘FAga taqdim etgandi. Endi ular 2022-yilgi smetadan o‘rin olgan mablag‘lar maqsadli sarf etilgani yuzasidan komissiya suhbatida bo‘ladi. 

Birinchi bo‘lib G‘uzorning “Sho‘rtan” futbol klubi bu ishni amalga oshirdi. Bunga qadar klub ketma-ket besh mavsumni qator muammolar bilan o‘tkazgani, qarzdorliklar yilma-yil cho‘zilib kelgani, buning oqibatida futbol akademiyasiga, klub bazasiga, stadionga mablag‘ ajratilmay kelayotgani ma’lum edi. Yakuniga yetayotgan mavsumda “Sho‘rtan” mazkur muammolarni hal qilishga erishdi. Eng muhimi “Sho‘rtan” yilni qarzdorliklarsiz yakunlashga erishdi. 

2022-yildan boshlab “Sho‘rtan” futbol akademiyasiga e’tibor qaratishni boshladi. Xususan, shu mavsum futbol akademiya qayta ta’mirdan chiqarildi va uning normal faoliyat olib borishi uchun smetasidan mablag‘ ajratishga o‘tildi. Afsuski, so‘nggi yillarda klubda faoliyat olib borgan qator rahbarlar futbol akademiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi oqibatida, uning faoliyati to‘liq izdan chiqib ketgandi. 2022-yil esa mazkur muammoga barham berildi.        

Shuningdek, O‘zPFL mavsum avvalida smetadan stadion projektorlari uchun mablag‘ ajratish masalasini talab qilgan edi. 2021-yil yakuni bo‘yicha stadion projektorlari 400 lyuksni tashkil qilayotgandi. Joriy mavsum esa yorug‘lik 1300 lyuksgacha o‘zgartirildi. Reja bo‘yicha mazkur yorug‘lik 2023-yilgi mavsumga qadar yana ko‘tarilishi kerak.

Maydon masalasida “Sho‘rtan” muammoga ega emas. Ayni vaqtda stadion chimi Pro liga talabiga javob beradi. 

Endi “Sho‘rtan” futbol klubi 2023-yilgi mavsum uchun o‘z rejalarini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayni holatda klub OFK litsenziyasini qo‘lga kiritish uchun da’vogar hisoblanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb