“So‘g‘diyona-W” – ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati-2022 G‘arb mintaqasi g‘olibi

Bilasiz, ayollar futboliga bo‘lgan e’tiborni borgan sayin oshirib borayotgan va Osiyo ayollar Chempionlar ligasiga asos solish harakatidagi Osiyo futbol konfederatsiyasi bu yil ham ayollar klublari o‘rtasida qit’a chempionatini tashkil etdi. 

Joriy yilgi bahslarga Qarshi shahri mezbonlik qildi va musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Eronning “Bam Xotun” jamoasidan ustun keldi. 
Qayd etish joiz, OFK mazkur musobaqani Sharq va G‘arb mintaqalariga bo‘lib o‘tkazdi. Sharq mintaqasida Tailandning “Osiyo olimlari kolleji” klubi Tayvan hamda Myanma jamoalaridan ustun keldi.

Qit’a futbol uyushmasi har ikki mintaqa g‘oliblarini alohida-alohida taqdirlashni lozim topdi. Shu tariqa “So‘g‘diyona-W” ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati G‘arb mintaqasi g‘olibi deya e’tirof etiladigan bo‘ldi. O‘z navbatida Tailandning “Osiyo olimlari kolleji” klubi ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati Sharq mintaqasi g‘olibi sifatida qayd etiladi. 

Ushbu musobaqaning 2019-yilgi mavsumida Yaponiyaning “Tokio Verdi Beleza” jamoasi g‘olib chiqqan edi. 2021-yilda esa Iordaniyaning “Amman” ayollar klubi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi. 
2022-yilgi musobaqada endi “So‘g‘diyona-W” G‘arb mintaqasi g‘olibi, “Osiyo olimlari kolleji” klubi esa Sharq mintaqasi g‘olibi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.

Mazkur muvaffaqiyat bilan o‘zbekistonlik barcha ayollar futboli ixlosmandlarini tabriklaymiz!

mib
uzcard
cola
apex
bmb