O`zbekiston Liga kubogida g`oliblik uchun 16 jamoa kurash olib boradi

2019 yilgi mavsumdan boshlab O`zPFL litsenziyalash talablariga javob beruvchi futbol klublari o`rtasida O`zbekiston Liga kubogi musobaqasini tashkil etadi. Taqvimda mazkur musobaqa o`yinlari uchun alohida kunlar belgilangan.

Musobaqada Superliganing 14 ta, shuningdek, A Pro-liganing “Mash`al” hamda “Sho`rtan” klublari ishtirok etadi. 2020 yildan boshlab O`zbekiston kubogi musobaqasida ishtirokchilar soni aynan litsenziyalash talablaridan kelib chiqib belgilanadi, Liga kubogida esa O`zPFL tasarrufidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan barcha futbol klublari o`ynash imkoniyatiga ega bo`ladi. Zero, O`zbekiston kubogida g`olib chiqqan jamoada Osiyo Chempionlar ligasi yo`llanmasini yutib olish imkoniyati mavjud. Shunday ekan, litsenziyalash talablariga javob bera olmaydigan klublarning mazkur musobaqada ishtirok etishiga kelasi mavsumdan boshlab yo`l qo`yilmaydi.

Liga kubogining 16 jamoasi 4 ta guruhga ajratiladi. Jamoalar guruh bosqichida 3 tadan uchrashuvda ishtirok etadi. Bellashuvlarning qaysi maydonlarda o`tishini qur`a jarayoni aniqlab beradi. Har bir guruhda dastlabki ikki o`rinni egallagan jamoalar chorak final yo`llanmasini qo`lga kiritadi. Keyin yarim final va eng so`ngida final o`yini. Guruh bosqichi 31 may sanasida start oladi. 

O`zbekiston kubogida bo`lgani kabi, Liga kubogi uchun qur`a marosimi ham jonli namoyish etiladi. Qur`a marosimi qachon tashkil etilishi tez orada ma`lum qilinadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb